YANGILIKLAR XABARNOMASI №137 TIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi 2018-yil 16-iyul

posted 16 Jul 2018, 11:09 by Webmaster Ambasciata

PREZIDENT.. 1

O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki vitse-prezidentini qabul qildi 1

Siril Myuller: Jahon banki O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyor 1

O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilligiga.. 2

O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilligi tantanalari “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladi 2

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi. 3

O‘zbekiston delegatsiyasining Issiqko‘ldagi uchrashuvda ishtiroki to‘g‘risida. 3

O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi bosh vazirlarining uchrashuvi to‘g‘risida. 3

Xalqaro munosabatlar.. 4

NATO sammiti Afg‘oniston bo‘yicha toshkent konferensiyasining yakunlarini qo‘llab-quvvatladi 4

O‘zbekiston – Shveysariya: faol bosqichga o‘tayotgan iqtisodiy hamkorlik. 5

O‘zbekiston respublikasi oliy majlisi qonunchilik palatasi. 6

Deputatlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutuvchi qonun loyihalarini muhokama qildilar 6

Ekologiya.. 8

Ekologik muammolar yechimiga amaliy ishlar orqali erishiladi 8

O‘zbekiston turizm o‘lkasi. 10

O‘zbekistonga kelish uchun elekron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish tizimi (e-visa.gov.uz) yo‘lga qo‘yildi 10

Ilova.. 11

Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchnioshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida. 11

 

 

PREZIDENT

O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki vitse-prezidentini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yilda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut rahbariyati bilan o‘tkazilgan qator samarali uchrashuvlar, jumladan, may oyida bank prezidenti Jim Yong Kim bilan Vashingtonda, yanvar oyida bosh boshqaruvchi direktor Kristalina Georgiyeva bilan Toshkentdagi uchrashuvlar aloqalarni faollashtirish va o‘zaro munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizning Jahon banki bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollarlik imtiyozli moliyalashtirish evaziga amalga oshirilgan va oshirilayotgan 39 ta loyihani o‘z ichiga oladi.

Ular energetika, transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, ilg‘or va energetik jihatdan samarali texnologiyalarni joriy etish, agrosanoat kompleksini jadal rivojlantirish, suv resurslarini samarali boshqarish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish kabi ko‘plab ustuvor sohalarni qamrab oladi.

Hozirgi vaqtda 2020 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Sheriklik dasturi doirasida 20 dan ziyod yangi loyihalar ham ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan tashqari, bankning yetakchi ekspertlari O‘zbekiston soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etdi. Qo‘shma Iqtisodiy kengashni shakllantirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash, milliy kadrlar malakasini oshirish asosida sarmoyaviy loyihalarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, fuqarolik aviatsiyasi va qayta tiklanadigan energetika sohalarida, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida salmoqli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Siril Myuller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kimning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimiz va butun mintaqaning barqaror taraqqiyotini ta’minlash maqsadida bank O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani yana bir bor qayd etildi.

(Manba: O‘zA)

Siril Myuller: Jahon banki O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishga tayyor

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Mehmon uchrashuvdan keyin O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– O‘zbekiston rahbari bilan uchrashuvda Sheriklik dasturi ijrosiga alohida e’tibor qaratdik. Bu dastur qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarni qamrab olgan.

O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilishda hamkorlikni yanada faollashtirish masalasini ham muhokama qildik. Xususan, oliy ta’lim sohasini isloh qilish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, bunda ayniqsa, qishloq joylardagi shu kabi muassasalarga alohida e’tibor berish borasidakelishib oldik.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati yanada erkinlashgani, xususan, bank-moliya, soliq tizimidagi o‘zgarishlar, valyuta siyosatining liberallashtirilgani mamlakat iqtisodiy imidjini oshirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, mamlakatingiz 2015 yilda Jahon banki reytingida qulay biznes muhiti bo‘yicha 100-o‘rinni egallagan bo‘lsa, bugungi kunda 74-o‘rinda qayd etilmoqda. Ikki yilda 26 pog‘ona o‘sish juda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib, xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim omil bo‘ladi.

Jahon banki keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni har tomonlama rivojlantirishga tayyor.

(Manba: O‘zA)

O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilligiga

O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilligi tantanalari “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladi

2018-yil 28-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror matni O‘zAda keltirilgan.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligi tantanalari “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladi.

Mazkur qaror bilan o‘zbek xalqining asriy orzusi,  O‘zbekistonni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosiga aylantirgan mustaqillikning yigirma yetti yilligini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi tasdiqlandi.

Respublika komissiyasiga bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Mazkur dastur 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlanadi.

Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etish hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini ta’minlash belgilandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida — ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlash belgilandi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklatildi.

(Manba: Daryo.uz)

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi

O‘zbekiston delegatsiyasining Issiqko‘ldagi uchrashuvda ishtiroki to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Issiqko‘lda 2018-yil 20-22-iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etadi.

Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston TIV rahbarlari 2018-yil 15-mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahatlashuvlari doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qiladilar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)

O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi bosh vazirlarining uchrashuvi to‘g‘risida

2018-yilning 16-iyul kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodaning amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalar tarkibiga vazirliklar va idoralar, yetakchi iqtisodiy tuzilmalari rahbarlari kiritilgan.

Bosh vazirlar ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini, avvalo oliy darajada bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Tojikiston uchrashuviga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.

Shuningdek, joriy yilning mart oyidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi va Prezident E.Sh.Rahmon bilan muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan turli darajalardagi aloqalarning yuqori samaradorligi qayd etildi.

O‘zaro savdodagi o‘sishning ijobiy dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo aylanmasi 2018-yilning birinchi yarmida o‘tgan yilga nisbatan 35 foizdan ko‘proqga oshdi.

Ta’kidlanganidek, ikki mamlakat iqtisodiyoti bir birini to‘ldiradi va geografik qo‘shnilik va past transport xarajatlari tufayli raqobat ustunligiga ega.

Savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi hamkorlikni faollashtirish maqsadida tomonlar jumladan Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va O‘zbekiston va Tojikiston hududida ikki davlat ishbilarmon doiralari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olishdi.

O‘zbekiston tomoni Tojikiston Respublikasi Prezidenti E.Sh.Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida Toshkent shahrida “Tojikistonda ishlab chiqarilgan” milliy sanoat ko‘rgazmasining hamda birgalikdagi O‘zbekiston-Tojikiston biznes-forumining o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, O‘zbekiston va Tojikiston hukumat rahbarlari o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish borasidagi qo‘shma harakatlarni kelishib olishdi.

Tomonlar barcha sohalardagi ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini va ularni bundanda samarali va sermahsul bo‘lishligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyorliklarini yana bir bor tasdiqlashdi/ta’kidlashdi.

Bosh vazirlar bo‘lajak oliy darajadagi O‘zbekiston-Tojikiston uchrashuvi davlatlararo munosabatlarni yang‘i pog‘onaga ko‘tarishiga hamda ikki davlat va xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochishiga ishonch bildirdilar.

Farg’onadagi muzokaralar yakunida uchrashuv Bayonnomasi imzolandi.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)

xalqaro munosabatlar

NATO sammiti Afg‘oniston bo‘yicha toshkent konferensiyasining yakunlarini qo‘llab-quvvatladi

2018-yilning 11-12-iyul kunlari Bryussel shahrida Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkilotining (NATO) navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuzilmaga a’zo 29 ta mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari Alyans faoliyatining zamonaviy kun tartibini muhokama qilish bilan bir qatorda Afg‘oniston Islom Respublikasida tinchlik o‘rnatilishi istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.

Sammit qatnashchilari NATOning Afg‘onistondagi “Qat’iy ko‘mak” missiyasi bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Hujjatda joriy yilning 28 fevral kuni o‘tkazilgan Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik sohasida hamkorlik yo‘lidagi “Kobul jarayoni” anjumani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018 yil 26-27 mart kunlari bo‘lib o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasining natijalari alohida minnatdorlik bilan qayd etiladi.

NATOga a’zo davlatlar yetakchilarining bayonoti O‘zbekiston rahbarining Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga hamda mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilishga ko‘maklashish bo‘yicha siyosati va xalqaro tashabbuslarining ahamiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2018 yil 22 iyun kuni qabul qilingan Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyasida ham Toshkent konferensiyasining afg‘on mojarosini uzil-kesil hal qilishda muhimligi alohida ko‘rsatilgan edi.

Ma’lumki, Toshkent konferensiyasi ishida ko‘plab mehmonlar qatorida NATOga a’zo qator mamlakatlar vakillari hamda Alyans bosh kotibi yordamchisining o‘rinbosari ishtirok etgandi. Ushbu anjuman xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonda afg‘onlarning o‘zlari rahbarligida va ularning bevosita sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan milliy yarashuv jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy qadamlarni jipslashtirishda burilish yasagan voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston rahbariyati tashabbuslarining keng qo‘llab-quvvatlanishi shu bilan izohlanadiki, uchrashuv ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi xalqaro konsensusning mustahkamlik ko‘rsatkichi hamda mintaqaviy va umumbashariy darajada Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar uchun siyosiy asos sifatida xizmat qildi.

O‘zbekiston poytaxtidagi konferensiya doirasida shakllangan siyosiy muhit “Toshkent ruhi” nomini olib, u Afg‘onistondagi jarayonlarga jalb qilingan barcha tomonlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqotning jadallashuviga ko‘maklashdi.

O‘zbekiston boshqa davlatlar va tashkilotlarning Afg‘onistonda milliy yarashuvni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlari va tashabbuslarini ma’qullaydi hamda ushbu mamlakatdagi siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda barqarorlikka erishish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi bo‘yicha o‘z siyosatini davom ettiradi.

Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyoning yetakchi davlatlari va donor tashkilotlar tomonidan Afg‘onistondagi tinchlik jarayonlari prinsipial jihatdan siyosiy qo‘llab-quvvatlanishi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi uchun moliyaviy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash zarurligini ta’kidlagan edi.

NATO yetakchilarining afg‘on ixtilofini milliy konsensus asosida siyosiy yo‘l bilan hal qilish zarurligi to‘g‘risidagi bayonoti hamda Bryusselda joriy yilning 12 iyul kuni qabul qilingan qarorlar O‘zbekiston rahbarining keng xalqaro hamjamiyatga murojaati bilan to‘la uyg‘undir.

(Manba: “Dunyo” AA)

O‘zbekiston – Shveysariya: faol bosqichga o‘tayotgan iqtisodiy hamkorlik

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Shveysariya federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Yohann Shnayder-Ammann boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 13 iyul kuni poytaxtimizda tashkil etilgan O‘zbekiston – Shveysariya biznes forumida tegishli vazirliklar, qo‘mitalar, Savdo-sanoat palatasi, bank-moliya institutlari, mahalliy hokimliklar vakillari, ishbilarmonlar bilan muloqotda bo‘ldi.

Bu yil O‘zbekiston bilan Shveysariya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilganiga chorak asr to‘ldi. O‘tgan muddat davomida mamlakatimizda Shveysariya hukumati bilan birgalikda 33 loyiha amalga oshirildi. Ayni vaqtda ushbu davlat investitsiyasi ishtirokida iqtisodiyot, moliya, ta’lim va bank tizimida, tadbirkorlik, xodimlar malakasini oshirish va suv ta’minoti sohalarida 7 qo‘shma loyiha amaliyotga tatbiq etilmoqda. Yurtimizda shveysariyalik investorlar ishtirokida tuzilgan 84 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, ularning 29 tasi 100 foiz chet el sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi yiliga o‘rtacha 200 million dollarni tashkil etmoqda.

Biznes forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri Botir Xo‘jayev, Shveysariya federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Yohann Shnayder-Ammann shular haqida so‘z yuritib, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyov boshchiligida siyosiy-huquqiy, savdo-iqtisodiy va bank-moliya sohalarida olib borilayotgan islohotlar natijasida xorijiy sarmoyadorlar uchun yanada qulay muhit yaratilganini alohida ta’kidladi.

Biznes forumda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller ham ishtirok etdi. U so‘nggi 18 oyda O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati yanada erkinlashgani, xususan, bank-moliya, soliq tizimidagi o‘zgarishlar, erkin konvertatsiyaning yo‘lga qo‘yilgani mamlakat iqtisodiy imidjini oshirganini qayd etdi.

– 2015 yilda Jahon banki reytingida qulay biznes muhiti bo‘yicha O‘zbekiston 100 o‘rinni egallagan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 74 ga tenglashdi, – dedi u. – Ikki yilda 26 pog‘ona o‘sish juda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib, xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim omil bo‘ladi.

Biznes forum doirasida O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatining taqdimoti o‘tkazildi. Unda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari L.Qudratov va boshqalar shveysariyalik mehmonlarni yurtimiz sarmoyaviy imkoniyatlari, eksport, transport, logistika va sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishtirib, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsadlar va uning yo‘nalishlari, yurtimizdagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik industrial zonalarda qo‘shma korxonalar tashkil etishning afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Forumning shu’ba yig‘ilishlarida Shveysariyaning “ABB Group ABB Switzerland”, “Stadler”, “Bühler AG”, “Swiss Medical Network”, “Rieter Group”, “Economiesuisse”, “Reyl”, “At a Glance”, “Trüb Trading Internetional AG”, “Switzerland Global Enterprise” kabi eskport, import va investitsiyalarga ko‘maklashuvchi, elektrotexnika, energetika mashinasozligi va axborot texnologiyalari, temir yo‘l transporti, to‘qimachilik, innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 20 dan ziyod yirik kompaniyasi vakillariga O‘zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish taklif etildi.

– O‘zbekiston paxta tolasini qayta ishlash bo‘yicha ko‘p asrlik an’analarga ega, – dedi Shveysariyaning to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqaruvchi “Rieter Management AG” kompaniyasi vakili Tomas Anvander. – Bugun jahon bozorida tabiiy tolalardan tayyorlangan buyumlarga talab yuqori. Biznes forumda o‘tkazilgan taqdimotlarda O‘zbekiston nafaqat paxta tolasini yetkazib beruvchi, balki tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sifatida ham jahon bozorida yetakchi pozitsiyalarni egallash uchun yuqori imkoniyatlarga egaligiga amin bo‘ldik. Ayni yo‘nalishlarda taklif etilgan ivestitsiya loyihalari bizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Biznes forumda milliy iqtisodiyotimizga bevosita daxldor bo‘lgan yana bir muhim masala – mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish borasidagi tayyorgarligi masalasi ham e’tiborda bo‘ldi. Tomonlar bu yo‘nalishdagi tizimli tadbirlarda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bundan tashqari, hududiy organlar o‘rtasida birga ishlash va ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish, Shveysariyaning yetakchi kompaniyalari bilan tajriba almashish, sog‘liqni saqlash, to‘qimachilik va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasining oshirish uchun texnik ko‘mak jalb qilish kabi masalalar muhokama qilindi.

Tadbir yakunida savdo-sotiq, sog‘liqni saqlash, yengil sanoat, bank-moliya kabi sohalarda o‘zaro hamkorlikka oid qator memorandumlar imzolandi.

(Manba: O‘zA)

O‘zbekiston respublikasi oliy majlisi qonunchilik palatasi

Deputatlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutuvchi qonun loyihalarini muhokama qildilar

Deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Dastavval Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining hamda O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda quyi palata kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi. Qonun loyihalari muhokamalarining natijalari bo‘yicha ularni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqilib, tavsiyalar berilgandi.

Deputatlar o‘z ishlarini yangi tahrirdagi “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ta’kidlanganidek, mamlakat iqtisodiyotining barcha soha va tarmoqlarida bo‘lgani kabi bojxonaga oid qonun hujjatlarini yanada liberallashtirish, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida bojxona rasmiylashtiruvlarini soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni yuritish borasida so‘nggi yillarda muhim tarkibiy o‘zgarishlar qilinmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan bojxona organlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qat’iy rioya qilish ishiga doir normalar belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun bojxona organlari xodimlarining javobgarligini oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash hamda bojxona ishini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqib, ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi bojxona organlari faoliyatining huquqiy asoslari takomillashishiga, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini samarali ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarning joriy etilishiga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zolaridan iborat bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilib, muhokamaga kiritilgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ko‘mir, neft, tabiiy gaz va uran kabi qazilma boyliklar jahon energetika balansining asosi hisoblanadi. Biroq qazib olish va foydalanish jarayonlarida ularning zaxiralari yildan-yilga kamayib bormoqda. Kelgusida iqtisodiyotning rivojlanishi, aholi sonining o‘sishi hamda odatdagi energiya ta’minoti bo‘lgan energiya resurslaridan foydalanish hajmi yildan-yilga oshib borishi tabiiy. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda tarkib topgan amaliyot shuni ko‘rsatadiki, uglevodorod xomashyosining tanqisligi va narxlarining barqaror emasligi bois butun dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda ham so‘nggi vaqtlarda mazkur yo‘nalishda amaliy ishlarga kirishish maqsadida qator chora-tadbirlar olib borilmoqda. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, deputatlar iqtisodiyoti va sanoati jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan O‘zbekistonda ham ushbu sohaning rivoji uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladigan qonunning yaratilishini davrning o‘zi taqozo etayotganini alohida ta’kidladilar.

Qonun loyihasini ishlab chiqishdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizning barqaror rivojlanish vazifalarini amalga oshirish doirasida iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohalarda energiya samaradorligini hamda yoqilg‘i-energetika balansi diversifikatsiya darajasini oshirish, mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, aholi salomatligi uchun o‘ta xavfli sanalgan issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishdan iboratdir.

Qonun loyihasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlarini huquqiy tartibga solish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvining huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilgan.

Deputatlarning fikr-mulohazalariga ko‘ra, qonun loyihasining qabul qilinishi Harakatlar strategiyasida belgilanganidek 2017-2021 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish imkonini beradi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘zining saylovoldi dasturida innovatsion texnologiyalarni, xususan, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishni o‘z maqsadlaridan biri ekanini qayd etgan. Shuning uchun ham mazkur partiya fraksiyasi a’zolari masalaga o‘ta tanqidiy ruhda yondashib, talabchanlik ko‘rsatdilar va loyiha ustida jiddiy ish olib borish zarurligini uqtirdilar. Boshqa partiya fraksiyalari bildirgan takliflardan farqli o‘laroq, loyihaning konseptual maqsadlarini saqlab qolgan holda, uning qator norma va qoidalarini keng mutaxassislar ishtirokida maromiga yetkazib, ikkinchi o‘qishga kiritish lozimligini qayd etdilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ushbu loyiha ustida ish olib borish barobarida qonun qabul qilingach, yuzaga keladigan vazifa va muammolar xususida ham ilmiy asoslangan izlanishlarni boshlab yuborishga e’tiborni qaratdilar. Fraksiya a’zolarining fikricha, qayta tiklanadigan energiya manbalarini qurish uchun texnologiya va asbob-uskunalarni dastlabki yillarda xorijdan keltirishga zarurat tug‘iladi. Tobora kamayib borayotgan tabiiy boyliklarni saqlab qolib, energiyalar, jumladan, quyosh energiyasi insoniyat izmiga solinsa-da, innovatsiyalarning barchasi yakuniy hosila – energiya uchun aholi to‘lashi kerak bo‘lgan tannarx oshib ketmasligini hozirdanoq chuqur ilmiy asosda o‘rganib chiqishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan loyihani keyingi o‘qishlarda muhokama qilgunga qadar uning tashabbuskorlari deputatlarga mazkur masalada asosli tushuntirish berishi zarurligi ta’kidlandi.

Siyosiy partiyalar fraksiyalarining qizg‘in bahs-munozalaridan so‘ng har ikki qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi va mas’ul qo‘mitalarga muhokamalar chog‘ida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olgan holda, ikkinchi o‘qishga tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati )

ekologiya

Ekologik muammolar yechimiga amaliy ishlar orqali erishiladi

Yurtimizda boshqa sohalar qatori ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining qulay tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarning oldini olishva ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar va O‘zbekiston ekologik harakati vakillari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida hokimiyat vakillik organlari hamda siyosiy partiyalar va Ekologik harakatning o‘tgan davrdagi faoliyati tanqidiy ruhda tahlil etilib, islohotlarni chuqurlashtirish yuzasidan oldimizda turgan muhim vazifalar belgilab berildi. Xususan, Ekologik harakat hamda uning Qonunchilik palatasidagi deputatlik guruhining istiqboldagi vazifalari aniq ko‘rsatib o‘tildi.

Xo‘sh, o‘tgan davrda Ekoharakat hamda uning Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhi bundan qanday xulosalar chiqardi, boshqacha aytganda, faoliyatimizda qanday ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi?

Avvalo, sohaga oid yangi qonun loyihalari yaratish, mavjudlarini takomillashtirish, nazorat-tahlil faoliyatini bugungi talab darajasida kuchaytirish, uzluksiz ekologik ta’lim konsepsiyasini ishlab chiqish, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini rivojlantirish, aholi ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirish, atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlarni va suv tozalash inshootlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

O‘tgan davrda Ekoharakat deputatlari guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida bitta yangi qonun hamda 8 ta qonunni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari ishlab chiqildi. Masalan, yangi tahrirdagi “O‘rmon to‘g‘risida”, Hayvonot dunyosini va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunlarqabul qilindi.

Shuningdek, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida”, “Chiqindilar to‘g‘risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalari tayyorlanib, Qonunchilik palatasiga kiritish mo‘ljallanmoqda.

Qonun loyihalarini ishlab chiqish, ular hayotiyligini ta’minlash maqsadida qonun ijodkorligi jarayoniga keng jamoatchilik, olimlar va ekspertlar jalb qilinayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Misol uchun, ushbu qonun loyihalarini ishlab chiqish jarayonida o‘tkazilgan 40 dan ortiq ishchi guruhlari tadbirlarida 230 dan ziyod taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Birgina yangi tahrirdagi “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha 2017 yil iyul-avgust oylarida jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda o‘tkazilganmuhokamalarda 110 dan ortiq takliflar, fikr va mulohazalar olindi.

Parlament hamda deputatlar faoliyati bilan yoshlarni keng tanishtirish, ularningEkoharakat deputatlari guruhi bilan doimiy muloqotini o‘rnatish maqsadida Ekoharakatning “Yoshlar qanoti” va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faollari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, ularni guruh yig‘ilishlariga jalb etish ishlari tizimli ravishda amalga oshirib kelinayotir.

Parlament va deputatlik nazoratini samarali yo‘lga qo‘yish ham doimiy e’tiborimizda. Shu paytgacha 11 davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari funksional vazifalaridan kelib chiqqan holda, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan bog‘liq faoliyati ustidan ana shunday nazorat yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, soha qonunchiligini takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholining bu boradagi madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi. Shu asosda ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi hujjatlarni takomillashtirish, aholi ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishda ular faolligini kuchaytirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jamoatchilik ekologik nazorati tizimini rivojlantirish, jamoatchi inspektorlarni o‘qitish va ular malakasini oshirish, chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha bir qator samarali ishlar olib borildi. Masalan, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar hamkorligida yurtimizdagi 8982 ta mahalla fuqarolar yig‘inida zarur chora-tadbirlar bajarilib, har bir mahalla bo‘yicha ekologik nazoratning jamoatchi inspektorligiga nomzodlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi paytda ularning sohaga oid bilim va malakasini oshirish choralari ko‘rilayotir.

Sohaga tegishli qonunlar, davlat dasturlari, Prezident Farmon hamda qarorlari ijrosini o‘rganish bo‘yicha 10 dan ziyodnazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazildi. Shular asnosida respublikamizning barcha hududini qamrab olgan holda, sayyor yig‘ilishlar tashkil etilayotir. Misol uchun, Jizzax viloyatida “O‘rmon to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi, Buxoroda Dezinfeksiya stansiyasi bosh vrachi hamda “Agrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyati direktorining termitlarga qarshi kurash va profilaktika chora-tadbirlarining ijrosi to‘g‘risidagi axboroti, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Prezidentimizning 2017 yil 18 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan “2017 — 2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi”ning bajarilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakuni yuzasidan tashkil etilgan sayyor yig‘ilish ana shular jumlasidan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni aholining iste’mol, maishiy va boshqa ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanish qismining ijro etilishi yuzasidan Sog‘liqni saqlash hamda Uy-joy kommmunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitalari axboroti yuzasidan parlament eshituvlari bo‘lib o‘tdi. Ayni chog‘da “Xavfli chiqindilarni transchegaraviy tashish va ularni yo‘q qilish ustidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Bazel konvensiyasi bajarilishi holati o‘rganilib, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi eshituvi tashkil etildi.

Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, hudud aholisi salomatligini muhofaza qilish, ularning turmush darajasini yanada yaxshilash, hududning ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik barqarorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ham harakat va uning deputatlar guruhi faollik ko‘rsatmoqda. Birgina misol: joriy yil 7-8 iyun kunlari “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzuida xalqarokonferensiya o‘tkazildi va Toshkent rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalar to‘plami ma’qullandi.

Yirik sanoat korxonalarida vakillarimizni tayinlash bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilyapti, ya’ni atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga mansub 593 korxonada vakillarimiz ish boshladi. Qolaversa, 760 dan ortiq korxonalar faoliyati o‘rganildi. Tanishuvlar jarayonida ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish, ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, jumladan, yosh avlod ongida ona tabiatni asrab-avaylash, unga daxldorlik hissini kuchaytirish bo‘yicha ham muayyan ishlar ro‘yobga chiqarildi. Ekoharakat va uning deputatlari guruhi tegishli vazirlik hamda idoralar hamkorligida yosh avlodning ekologik savodxonligini oshirish, ekologik ta’lim va tarbiya jarayonini samarali tashkil etishga qaratilganO‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ta’lim konsepsiyasi”, uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda Vazirlar Mahkamasi qaroriloyihalari ishlab chiqilib, hukumatga taqdim etildi.

Respublikamizning 7ta hududida Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan ajratilgan ijtimoiy buyurtma doirasida aholining ekologik madaniyatini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga jalb etishga qaratilgan 350 dan ortiq targ‘ibot bannerlari o‘rnatildi. Yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’ruzalar to‘plami va boshqa targ‘ibot materiallari tayyorlandi. Shuningdek, suv, chiqindi muammolariga bag‘ishlangan videoroliklar tayyorlanib, markaziy telekanallarda namoyish etilmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston ekologik harakati oldida turgan dolzarb vazifalardan kelib chiqib, deputatlar guruhi bilan hamkorlikda o‘tgan bir yil davomida respublikamizning barcha hududida 111300 dan ortiq faollar ishtirok etgan 2500 ga yaqin amaliy-tahliliy tadbirlar o‘tkazildi.

Vakillarimiz parlament a’zolari tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlarda ham faol qatnashmoqda. O‘tgan davrda 3911 xonadonga kirilib,

10701 nafar fuqaro bilan muloqot o‘tkazildi. Natijada aholi tomonidan ko‘tarilgan 1100 dan ortiq muammolarning aksariyat qismi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan joyida hal etildi.

O‘zbekiston ekologik harakati tomonidan chiqindilarni qayta ishlash jarayoniga chet el investitsiyalarini jalb etish masalasiga ham katta e’tibor berilmoqda. Xususan, “SEMAK Equipment’s and Technology” MCHJ bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga muvofiq, Jizzax viloyatida investitsiya qiymati 400 ming AQSH dollariga yaqin, yiliga 25 ming tonna chiqindini qayta ishlaydigan korxona quriladi. Hozirgi paytda bunyodkorlik ishlari jadal olib borilyapti.

Erishilgan ushbu yutuqlar o‘zimizniki. Oldimizda esa hali vazifalar ko‘p. Ekologik ta’lim-tarbiyani rivojlantirishga qaratilgan “Ekologik ta’lim konsepsiyasi”ning qabul qilinishini jadallashtirish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, suv zaxiralarini muhofaza qilish, suv iste’moli, suvlarning davlat hisobotini yuritish, suv xo‘jaligi inshootlariga zarar yetkazganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qonun loyihalarini ishlab chiqish shular sirasidandir. Bundan tashqari, Orol muammosining salbiy ta’sirlarini bartaraf etish, hudud aholisining yashash sharoitini yanada yaxshilash, bu boradagi mavjud kamchiliklarni xalqaro hamjamiyat va hamkor davlatlar moliyaviy ko‘magini jalb etgan holda hal etish istiqboldagi faoliyatimizda muhim yo‘nalishlar hisoblanadi.

Ko‘rinib turibdiki, oldimizda turgan vazifalar nihoyatda zalvorli. Ularni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirish har birimizdan bor bilim va mahoratimizni ishga solishni, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida yonib yashashni talab etadi. Ana shunda xalqimizning bizga bildirgan ishonchini ma’lum darajada oqlagan bo‘lamiz.

Boriy ALIXONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi.

(Manba: Xalq so‘zi” gazetasi)

O‘zbekiston turizm o‘lkasi

O‘zbekistonga kelish uchun elekron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish tizimi (e-visa.gov.uz) yo‘lga qo‘yildi

2018-yil 15-maydan e’tiboran O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 4-iyuldagi 3836-sonli qaroriga muvofiq turistik maqsadlarda O‘zbekistonga kelish uchun elekron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasining elekrton kirish vizasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq mazkur tizim chet el fuqarolarining turistik kirish vizasini olish uchun O‘zbekiston Respublikasining diplomatik valolatxonalari, konsullik muassasalariga majburiy murojaat zaruriyatini bekor qilishni ko‘zda tutadi.

Elektron viza O‘zbekiston Respublikasi hududida 30 kungacha bir marta bo‘lish uchun beriladi.

Elektron viza berilgan vaqtdan boshlab 90 kun davomida amal qiladi.

Elektron vizani rasmiylashtirish va berish uchun murojaatni ko‘rib chiqish muddati ikki ish kunini tashkil etadi (murojaat berilgan kundan tashqari).

Berilgan elektron viza “e-visa.gov.uz” tizimining rasmiy veb-portaliga murojaat etish vaqtida ko‘rsatilgan chet el fuqarosining elektron pochtasiga jo‘natiladi.

Elektron vizani rasmiylashtirish uchun murojaat berish O‘zbekiston Respublikasiga kelish sanasidan uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Elektron kirish vizasini olish murojaatini ko‘rib chiqish uchun konsullik yig‘imi hajmi 20 AQSh dollarini tashkil etadi.

To‘lov elektron ko‘rinishda xalqaro to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Elektron viza berishda rad javobi berilgan taqdirda konsullik yig‘imi uchun olingan mablag‘ qaytarilmaydi.

Elektron viza o‘tish xujjatiga (pasport) yopishtilmaydi. Chegara orqali o‘tish punktida chet el fuqarosi elektron vizani qog‘oz yoki elektron ko‘rinishda taqdim etadi.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)

ilova

Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchnioshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.

O‘tgan davr mobaynida sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, sudyalarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish tartibini takomillashtirish, har bir ish bo‘yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzildi, sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, ma’muriy sudlar tashkil etildi, shuningdek, sudyalik lavozimiga muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy etildi.

Barcha toifadagi sud ishlarini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqish amaliyotining kengaytirilganligi aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va sud hokimiyatining ochiqligini oshirish yo‘lida ko‘rilgan muhim chora bo‘ldi.

Shu bilan birga, sud hokimiyati organlari faoliyatining tahlili ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlari qoniqarsiz darajada tashkil etilganligi sud faoliyatini lozim darajada yoritish imkonini bermayapti hamda aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga olib kelmoqda.

Sudyalarni moddiy ta’minlash va ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimi sud hokimiyatining alohida mavqei va obro‘siga, sudyalar mustaqilligi prinsiplariga muvofiq emasligi kasbiy o‘sishni yanada rag‘batlantirishga to‘sqinlik qilib, kadrlar qo‘nimsizligiga olib kelmoqda.

Odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasining quyidagilar orqali sud organlari faoliyatining shaffofligini yanada ta’minlash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e’lon qilish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish;

qabul qilingan sud hujjati o‘qib eshittirilganidan so‘ng uning mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishini sud amaliyotiga joriy etish;

sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan sud ishlarini nazorat tartibida, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan sud ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti obzorlarini har chorakda e’lon qilish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashning xolisligi va shaffofligiga ishonchni oshirish maqsadida har bir hududda sudyalar korpusini shakllantirishga ko‘maklashuvchi komissiyalar tuzish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va Moliya vazirligining:

sudlarga murojaat etishda davlat bojlarini to‘lash bo‘yicha amaldagi imtiyozlar va davlat bojlari stavkalarini qayta ko‘rib chiqish;

Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, ma’muriy, iqtisodiy va harbiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlar bo‘yicha davlat bojlari va jarimalar to‘lashdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushayotgan summalarning, shuningdek, ijro hujjatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undirilgan summalarning, qarzdorning mol-mulkini sotish hisobiga soliq qarzdorligini undirish bundan mustasno, 40 foizi miqdorida ajratmalar belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, quyi sudlar sudyalari va xodimlari hamda Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlari 1–5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1- avgustdan boshlab:

Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorda qo‘llaniladi;

malaka darajasi va mansab darajasiga ega bo‘lgan sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlariga qonun hujjatlarida belgilangan rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha haq va ustamalarni hisoblashda lavozim maoshi tarkibiga kiritiladigan 50 foiz miqdorida ustama to‘lanadi;

sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining ko‘p yillik xizmatlari uchun, lavozim maoshlariga (mehnatni rag‘batlantirish koeffitsiyenti) ustamalar hamda malaka darajasi va mansab darajasi uchun qo‘shimcha haq miqdorlari adliya organlari xodimlari uchun belgilangan miqdorlarga tenglashtiriladi.

Ushbu bandning amal qilishi davlat organlari va tashkilotlaridagi lavozimlarga belgilangan tartibda, shu jumladan, ushbu Farmon kuchga kirgunga qadar saylangan yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tayinlangan, shuningdek, sudyalik malaka darajalariga ega sudyalarga ushbu davlat organlari va tashkilotlarida nazarda tutilgan barcha ustamalar va qo‘shimcha haqlarni saqlab qolgan holda tatbiq etiladi.

Ushbu bandning beshinchi xatboshisida ko‘rsatilgan sudyalarning davlat organlari va tashkilotlarida ishlagan vaqti ularning ushbu organ va tashkilotlardagi mehnat faoliyati boshlangan paytdan boshlab sudyalik stajiga kiritiladi.

6. Ushbu Farmonning 5-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar:

sudlar, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlari uchun – Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan;

sudyalar orasidan saylangan yoki tayinlangan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyalari va xodimlari uchun – O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga Oliy sud va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamentining yuqori malakali, tashabbuskor, xizmat majburiyatlarini halol va samarali bajarayotgan sudyalari va xodimlariga Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda oylik mehnatga haq to‘lash fondining 100 foizigacha miqdorda ustama (pul ta’minoti) to‘lash huquqi berilsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki, maxsus unvon va darajalar mavjud bo‘lishi nazarda tutilgan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlardan tayinlangan (saylangan) sudyalarga malaka darajalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda 6-ilovaga muvofiq sudyalar malaka darajalarining boshqa organlar unvonlari va darajalariga nisbatini hisobga olgan holda, lekin egallab turilgan lavozim uchun nazarda tutilganidan yuqori bo‘lmagan holda beriladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ikki oy muddatda:

a) Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga sudyalar hayoti va sog‘lig‘ini davlat tomonidan majburiy sug‘urtalash tartibi, shuningdek, ularning pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari va tartibi to‘g‘risidagi nizomlar loyihalarini kiritsin;

b) Markaziy bank bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga sudyalar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga avtomobillar sotib olish uchun, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sudlar apparatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga esa uy-joy sotib olish uchun imtiyozli kreditlar taqdim etishni nazarda tutadigan takliflarni kiritsin;

v) Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 14-dekabrdagi 164-II-sonli qarori bilan tasdiqlangan Sud, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti xodimlarining mansab darajalari to‘g‘risidagi nizomni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.F.Kamilov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2018-yil 13-iyul

(Manba: O‘zA)

 

Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart

Comments