YANGILIKLAR XABARNOMASI №135 TIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi 2018-yil 12-iyul

posted 16 Jul 2018, 11:07 by Webmaster Ambasciata

Islohotlar.. 1

Germaniyalik ekspert innovatsiya vaziri o‘rinbosari bo‘ldi 1

Investitsiya.. 1

Yil boshidan buyon xorijlik investorlar tomonidan 960 tadan ortiq korxona tashkil etildi 1

ERKIN IQTISODIY HUDUDLAR.. 2

Buxoro viloyatida «Buxoro-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi 2

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi. 2

O‘zbekiston markaziy banki qozoq banki bilan hamkorlik bitimi imzoladi 2

Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biriga Chingiz Aytmatov nomi berildi 2

Xalqaro munosabatlar.. 3

Jahon banki delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi to‘g‘risida. 3

Jamiyat.. 3

O‘zbekistonda “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari quriladi 3

O‘zbekiston turizm o‘lkasi. 4

O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet elliklar soni qariyb 2 barobarga ortdi 4

 

Islohotlar

Germaniyalik ekspert innovatsiya vaziri o‘rinbosari bo‘ldi

Germaniya fuqarosi Karsten Xayns O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Germaniya fuqarosi Karsten Xayns O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘zbekistonda zamonaviy innovatsion infratuzilmalarni shakllantirishda Germaniyaning boy tajribasini joriy etish maqsadida respublikaning GFRdagi elchixonasi tashabbusi bilan Ta’lim va ilmiy tadqiqotlar federal vazirligi bilan qator muzokaralar olib borildi va ular yakunlari bo‘yicha nemis tomoni Innovatsiya vazirligi bilan ishlash uchun ekspert yuborishga rozilik bildirdi.

Vazir o‘rinbosari lavozimiga bevosita ushbu vazirlikda faoliyat olib boruvchi tajribali mutaxassis tavsiya qilindi. Karsten Xayns Toshkentda bo‘lib, O‘zbekistonning vakolatli vazirliklarida uchrashuvlar o‘tkazgan.

Germaniya hukumati uchun davlat xizmatchisining boshqa mamlakat hukumatida yuqori lavozimga tayinlanishi birinchi shu kabi holat bo‘ldi. mazkur qaror O‘zbekistondagi islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, deyiladi xabarda.

(Manba: Gazeta.uz)

Investitsiya

Yil boshidan buyon xorijlik investorlar tomonidan 960 tadan ortiq korxona tashkil etildi

Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi 960 dan ortiq korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi 960 dan ortiq korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobarga ko‘p demakdir.

Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suxrob Xolmurodov chet ellik va mahalliy sarmoyadorlarning investitsiya takliflarini ochiq muhokama qilish yagona maydonchasining birinchi uchrashuvida bu haqda ma’lum qildi.

Qo‘mita rahbari so‘zlariga qaraganda, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Qozog‘iston, Janubiy Koreya vakillari alohida faollik ko‘rsatmoqda. Afg‘oniston, Hindiston, Germaniya, Ukraina va Ozarbayjondan ham investorlar qiziqish bildirmoqda.

Xalqaro moliya institutlari va chet el hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish sohasida faollashuv kuzatilmoqda.

«Yil boshidan buyon 1,5 mlrd dollarlik qarz va kreditlarni jalb qilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

U to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb qilishda ijobiy natijalar qayd etilayotganini ma’lum qildi — O‘zbekiston hududlarida ular ishtirokida 280 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

«Har hafta muhokama uchun yangi sohani tanlab olayapmiz, masalan neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik. Biroq ulardan mustaqil ravishda investorlarni qiziqtiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi», — dedi qo‘mita rahbari. U barcha xohlovchilar — investorlar, diplomatik missiyalar vakillari, tadbirkor doiralar vakillari, OAV xodimlari, O‘zbekiston va chet el fuqarolarini ishtirok etishga taklif qildi.

Maydonchaga vazirlik va mahkamalar, davlat birlashmalari rahbarlari, iqtisodiyot sohalariga javobgar mutasaddilar taklif qilinadi.

(Manba: Gazeta.uz)

ERKIN IQTISODIY HUDUDLAR

Buxoro viloyatida «Buxoro-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

Buxoro viloyatida «Buxoro-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni shu haqdagi qarorni imzoladi.

EIZda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qo‘llagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar jalb etish, shuningdek, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ko‘chatzorlar, shuningdek, birlamchi urug‘chilikni tashkil etish uchun sharoitlar yaratish orqali issiqxona xo‘jaliklarini talabi katta, yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ va ko‘chatlari bilan ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish EIZning asosiy vazifalaridan.

«Buxoro-agro» EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati u tashkil etilgan kundan boshlab, mazkur muddatni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi. EIZning faoliyat ko‘rsatishi muddati mobaynida uning hududida alohida soliq va bojxona rejimlari amal qiladi. EIZ ishtirokchisi maqomi Buxoro viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashining qarori bilan beriladi.

EIZ hududida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari, loyiha tashabbuskorlari mablag‘lari, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda loyiha tashabbuskorining loyihani amalga oshirish uchun jalb etilayotgan o‘z mablag‘lari miqdori tegishli loyiha umumiy qiymatining 25 foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.

(Manba: Gazeta.uz)

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi

O‘zbekiston markaziy banki qozoq banki bilan hamkorlik bitimi imzoladi

O‘zbekiston Markaziy banki va Qozog‘iston Milliy banki bank nazorati sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, tarixda ilk bor imzolangan hujjat tomonlarning o‘zaro bank bozoriga kirishi uchun huquqiy asos berib, ikki tomonlama bank hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qozog‘iston Milliy banki saytida qayd etilishicha, mazkur bitim O‘zbekiston hududida transchegaraviy muassasalarni yaratish yoki ularga egalik qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Buning uchun bir qator talablarga javob berish lozim. Jumladan bank filiali uchun eng kamida 100 mln yevro ekvivalentidagi tenge, transchegaraviy muassasa uchun esa 100 mlrd so‘m miqdorida nizom jamg‘armasi (O‘R MB kursi 12.07.2018 da, 1$= 7813.42 so‘m), shuningdek, «Standard & Poor’s» agentligining «B»dan past bo‘lmagan yoxud «Fitch Ratings yoki Moody’s» agentliklarining xuddi shu darajadagi uzoq muddatli kredit reytingiga ega bo‘lish talab qilinadi.

(Manba: Xabar.uz)

Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biriga Chingiz Aytmatov nomi berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi  “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga adib nomini berish belgilangan edi.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o‘ttiz sakkizinchi sessiyasida ushbu masala atroflicha ko‘rilib, Yunusobod tumani hududida joylashgan Bodomzor yo‘li ko‘chasiga buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumot o‘rnida:  Ch.Aytmatov O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» (1995), «Buyuk xizmatlari uchun» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. Qirg‘iziston Respublikasida Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi «Oltin medal» mukofoti ta’sis etilgan.

(Manba: Kun.uz)

xalqaro munosabatlar

Jahon banki delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi to‘g‘risida

2018-yilning 12-iyul kuni Toshkent shahriga Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Muller boshchiligidagi delegatsiya keldi.

Tashrif dasturidan O‘zbekiston Hukumati, Oliy Majlis Senatida uchrashuv va Muzokaralar o‘tkazish o‘rin olgan.

Shuningdek, delegatsiya O‘zbekiston-Shveysariya biznes forumida ham ishtirok etadi.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)

jamiyat

O‘zbekistonda “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari quriladi

Prezidentning 2018-yil 27-iyunda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonda “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurishga topshiriq berildi.

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shartlarida amalga oshirilishi belgilandi:

a) tuman (shahar)lar hokimliklari:

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini, shuningdek, boshqa obyektlarni qurish (joylashtirish) uchun xususiy investorlarga, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali yer uchastka (bo‘sh bino)larni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi;

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini muhandislik kommunikatsiyalariga, jumladan, elektr, gaz va suv ta’minoti tarmoqlariga olib borishni va ulashni tuman (shahar)lar byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan ta’minlaydi;

b) Jamg‘arma “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining 30 foizigacha bo‘lgan qismini moliyalashtirishda mazkur mablag‘larni ularning ustav jamg‘armasi (kapitali)ga keyinchalik kapitallashtirgan holda ishtirok etishga haqli;

v) xususiy investorlar quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:

“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining kamida 70 foizini moliyalashtirish, ularning kelishilgan muddatlarda va namunaviy loyihalarga muvofiq qurilishi va foydalanishga topshirilishini ta’minlashni;

Davlat dasturi ishtirokchisi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarida joy berish, ularga maqbul narxlarda xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, ularda ish o‘rinlari umumiy sonining kamida 70 foizi miqdorida band bo‘lmagan yoshlarni ishga qabul qilish sharti bilan mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni;

Jamg‘armaning tuman va shahar filiallarini joylashtirish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlaridagi xonalarni bepul taqdim etishni;

g) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini saqlab turish xususiy investorlarning mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi;

d) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar xususiy investorlarning soliq solinadigan bazasidan chegirib tashlanadi.

Davlat dasturining amal qilishi yoshlar tadbirkorligi subyektlariga, 50 foiz va undan ko‘proq muassislari yoshlardan iborat bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek, yaratiladigan ish o‘rinlarining 70 foizidan kam bo‘lmagan qismini 5 yil davomida yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun taqdim etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladigan tadbirkorlik subyektlariga, jumladan, xorijiy investorlarga tatbiq etilishi belgilandi.

(Manba: O‘zA)

O‘zbekiston turizm o‘lkasi

O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet elliklar soni qariyb 2 barobarga ortdi

Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga kelgan chet elliklar soni qariyb 2 barobarga ortib, 2 million 688 ming 962 kishini tashkil etdi.

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari soni 2017 yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga ortib, 2 million 688 ming 962 kishini tashkil etdi, deya xabar qildi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Vizasiz rejim joriy etilgan quyidagi davlatlardan tashrif buyuruvchilar soni keskin oshdi:

Turkiya — 31966 (+95,6%);

Yaponiya — 6200 (+68,1%);

Isroil — 3615 (+86,2%);

Indoneziya — 750 (3 barobardan ortiqroq);

Singapur — 424 (2,5 barobardan ortiqroq).

Iyunda Koreya Respublikasi (57,5 foiz) va Malayziyadan (2,6 barobarga) keluvchi fuqarolar sonining ortgani kuzatildi.

10 fevraldan O‘zbekiston 7 mamlakat: Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari uchun 30 kungacha muddatga vizasiz tartib joriy etgan edi. Bundan tashqari, 39 ta davlat fuqarolari uchun turistik viza rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartiblari joriy etildi.

15 iyuldan esa O‘zbekistonga elektron viza rasmiylashtirish bo‘yicha E-Visa.uz tizimi ish boshlaydi.

(Manba: Gazeta.uz)

  

Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart

Comments