YANGILIKLAR XABARNOMASI №130 TIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi 2018-yil 5-iyul

posted 16 Jul 2018, 11:04 by Webmaster Ambasciata

PREZIDENT.. 1

Ertasini o‘ylagan mamlakat yoshlarini e’tiborsiz qoldirmaydi 1

Rasmiy.. 3

O‘zbekistonda choy yetishtirishni rivojlantirish markazi tashkil etildi 3

Mintaqalar: surxondayo.. 4

Surxondaryoda joriy mavsumda 5 ming 100 tonna baliq mahsuloti yetishtirish mo‘ljallanmoqda. 4

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi. 4

O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-tojik Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Dushanbe, 2018-yil 9-mart) ratifikatsiya qilish haqida. 4

Ilova.. 5

Mediatsiya to‘g‘risida. 5

  

PREZIDENT

Ertasini o‘ylagan mamlakat yoshlarini e’tiborsiz qoldirmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 4-iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri, siyosiy partiyalar rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, har bir yosh jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Xususan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi. Yoshlar bilan ishlashda yangi tizim va yondashuvlar amaliyotga joriy etilmoqda. Mamlakatimizda 30-iyun Yoshlar kuni sifatida birinchi marta keng nishonlandi.

Ammo yoshlar bilan ishlashda hamon kamchiliklar mavjud. Jumladan, katta maqsadlar bilan tuzilgan Yoshlar ittifoqi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarlicha e’tibor bermayapti. Tashkilot o‘tkazayotgan ayrim tadbirlar dabdababozlik, o‘zini “ko‘z-ko‘z” qilishga o‘xshab qolayapti. Joylardagi 4 sektor rahbarlarining aksariyati hali yoshlar masalasi bilan faol shug‘ullanmayapti. Ichki ishlar idoralari, mahalla qo‘mitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ta’lim muassasalarining bu boradagi ishlari qoniqarsiz. Tuman va shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari jonbozlik ko‘rsatayapti, deb bo‘lmaydi. Aksincha, bu mas’ul lavozimlar ayrim hollarda vakant bo‘lib qolmoqda.

Buning oqibatida yoshlar jinoyatga qo‘l urishining oldi olinmayapti. Joriy yilning o‘tgan davrida sodir etilgan 17,5 ming jinoyatning qariyb 31 foizi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelishi buning tasdig‘idir. Mamlakat bo‘yicha jinoyat sodir etgan 22 ming shaxsning 11 ming nafarini yoshlar tashkil etib, bu ko‘rsatkich Andijon, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida, ayniqsa, yuqoriligicha qolmoqda.

Qashqadaryo viloyatida jinoyat sodir etgan yoshlarning 70 foizini o‘qimaydigan va ishlamaydiganlar tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Andijon viloyatida 57, Surxondaryo viloyatida 43, Jizzax viloyatida 42 foizga teng.

Afsuski, nafaqat uyushmagan yoshlar, balki kollej va maktab o‘quvchilari orasida ham jinoyatlarni sezilarli darajada kamaytirish ta’minlanmayapti. Joriy yilning o‘tgan davrida jami 371 o‘quvchi jinoyat sodir etgan. Kollej o‘quvchilari jinoyatlari soni Sirdaryo, Jizzax, Namangan va Samarqand viloyatlarida keskin oshgan. Maktab o‘quvchilari jinoyati asosan Jizzax, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi.

Xorazm, Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida voyaga yetmaganlar tomonidan qotillik jinoyatlari sodir etilgani yanada ayanchlidir.

Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida boshqa viloyatlardan kelib, qarovsiz va nazoratsiz yurgan 1 ming 700 ga yaqin voyaga yetmaganlar aniqlangan, ularning 500 nafari maktab va 670 nafari kollej o‘quvchilaridir.

Shu munosabat bilan Yoshlar ittifoqi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbarlariga yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish, qarovsizlik va nazoratsizlikning oldini olish, ular o‘rtasida jinoyatlarni keskin qisqartirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Ayni paytda ichki ishlar idoralarida profilaktika hisobida turuvchi voyaga yetmaganlar uchun tashkil etilayotgan “Tarbiya-sport oromgohlari” ishini tubdan qayta ko‘rib chiqish va natijadorligini ta’minlashga qaratilgan aniq tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Yoshlar o‘rtasidagi muammolar, jumladan, jinoyatchilikning ildizi aksar hollarda ishsizlikka borib taqaladi. Joylarda yoshlarning bandligini ta’minlash borasida jiddiy muammolar mavjud. 1 ming 700 dan ziyod mehnat yarmarkasi o‘tkazilganiga qaramay, ularda ishtirok etgan yoshlarning atigi 5 foizigina ishga joylashtirilgani, so‘nggi bir yilda 509 ming nafar yoshlar uzoq muddatga chel ellarga chiqib ketgani ishga mas’uliyatsiz yondashuvdan dalolat beradi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Ayni vaqtda yoshlarni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish uchun sharoit yaratish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yangi tizim sinovdan o‘tkazilmoqda. Buning uchun mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan tuman pasportlari ishlab chiqildi.

Quyi Chirchiq tumani misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda yoshlarning hisobotlarda ko‘rsatilganidek 2,5 mingi emas, balki 6,3 mingdan ziyodi ishsiz ekani aniqlangan. Tuman yoshlarini qiynab kelayotgan muammolarning aksariyati joyida hal etilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va yoshlarning ijtimoiy faolligidan kelib chiqqan holda, tumandagi 37 ta mahallaning 13 tasi “og‘ir”, 18 tasi “qoniqarsiz” va 6 tasi “qoniqarli” toifaga ajratilib, ularni bosqichma-bosqich “yaxshi” toifasiga o‘tkazish bo‘yicha manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “Yoshlar mehnat guzarlari” tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratildi, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi va boshqa tadbirlar natijasida 1 ming 200 dan ziyod ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi, tadbirkorlik faoliyati uchun yoshlarga 2,3 milliard so‘m kredit ajratildi(OR MB kursi 11.07.2018 da, 1$= 7846.27 som).

Ushbu tajriba asosida Yoshlar kuni arafasida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi tasdiqlandi va uni barcha tuman va shaharlarda amalga oshirish boshlandi. Dastur ijrosi uchun Yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hamda uning tuman va shahar filiallari tashkil etildi. Bu tuzilma mablag‘laridan yoshlarning biznes loyihalari uchun yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit beriladi. Dasturda har bir tumanda ajratiladigan kredit hajmi va uni oluvchilar soni, kredit beriladigan faoliyat yo‘nalishlari, buning natijasida yaratilishi zarur bo‘lgan ish o‘rinlari miqdori aniq belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, har bir fermerga bittadan band bo‘lmagan yoshni biriktirish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlar orasidan 2 hafta muddatda Jamg‘armaning tuman va shahar filiallari rahbarlarini tayinlash, Investitsiya va Ijtimoiy masalalar komplekslarining respublika va hududiy organlari hamda tijorat banklari xodimlarining 30 foizini lavozimi va ish haqini saqlagan holda, yangi tuzilmaga, uning tuman va shahar filiallariga biriktirish lozimligini ta’kidladi.

Dastur ijrosini samarali muvofiqlashtirib borish uchun Bosh vazirga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi a’zolarini har bir hududga shaxsan mas’ul etib biriktirish hamda ular boshchiligida davlat idoralari, jamoat tashkilotlari rahbar xodimlari va viloyat prokurorlaridan iborat tarkibda ishchi guruhlar tashkil etish vazifasi topshirildi.

Hokimlar va sektor rahbarlari har hafta kamida ikki kun uyushmagan, hech qayerda ishlamaydigan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganishi, eng avvalo, bandligini ta’minlash choralarini ko‘rishi lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda yoshlarni ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularni turli oqimlar va yot g‘oyalar ta’siridan asrash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Buning uchun yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni yanada jonlantirish, ularni muzey, teatr va boshqa madaniy-ma’naviy maskanlar, sport musobaqalari, ilm-fan, sport va amaliy san’at to‘garaklariga faol jalb etish orqali bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini tashkil etish zarur.

Farzand tarbiyasi va yurish-turishidan ogoh bo‘lmasak, ularni ilmu-hunarga o‘rgatmasak, ko‘zi mehnatda qotmasa, munosib ish topib bermasak, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish qiyin bo‘ladi, dedi Prezidentimiz.

Shundan kelib chiqqan holda Yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga yoshlarni ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirish va yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishga qaratilgan ta’sirchan, amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda ushbu dolzarb ishga senatorlar, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar deputatlarini faol jalb etish zarurligi alohida ta’kidlandi. Zotan, xalq vakillari sifatida deputatlar korpusi yoshlar kelajagi uchun hammadan ham ko‘proq jon kuydirishi lozim. Ular joylarda siyosiy partiyalarning yoshlar qanotlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, amaliy uchrashuv va tadbirlar orqali mazkur Dastur ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishi, hududlarda faoliyat olib boradigan ishchi guruhlarga amaliy yordam ko‘rsatishi zarur.

Voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta turmush va tug‘ruqlar soni ko‘paygani bilan bog‘liq muammolar ham muhokama qilindi. Afsuski, erta turmush qurish va ajrashish muammosi bo‘yicha joylarda faqatgina ota-onalarni aybdor qilish bilan cheklanish hollari kuzatilmoqda. Aslida bo‘lar ish bo‘lganidan keyin emas, balki salbiy holatlarni yuzaga keltirmaslik uchun oldindan manzilli ishlash tizimini joriy etish kerak.

Shu munosabat bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi vazirliklariga bu yo‘nalishdagi ishlarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va ta’sirchan chora-tadbirlarni belgilash vazifasi topshirildi.

Videoselektorda mutasaddi va joylardagi rahbarlar jam bo‘lgani bois ayni kunlardagi yana bir dolzarb masala – g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bu yil ob-havoning quruq va salqin kelishi sababli g‘o‘za rivoji 10-15 kunga, ba’zi joylarda 20-25 kunga kechikkani qayd etildi. G‘o‘za parvarishidagi qoloqlikni bartaraf etish, kafolatlangan hosil yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda 5 iyuldan 5 sentyabrga qadar “Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” e’lon qilindi. Bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

(Manba: O‘zA)

Rasmiy

O‘zbekistonda choy yetishtirishni rivojlantirish markazi tashkil etildi

O‘zbekistonda choy yetishtirishni rivojlantirish markazi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi choy urug‘lari va ko‘chatlarini tayyorlashga ko‘maklashishdan iborat.

O‘zbekistonda Choy yetishtirishni rivojlantirish ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «Choy yetishtirishni tashkil etish va aholini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sifatli choy hamda choy mahsuloti bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risi"gi qarorida so‘z boradi.

Adliya vazirligi rasmiy Telegram-kanalida xabar qilinishicha, markazning asosiy vazifasi choy urug‘lari va ko‘chatlarini tayyorlashni tashkil qilish, bu sohada mehnat qilayotgan fermer xo‘jaliklari hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, choy yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish va yirik sanoat choy plantatsiyalarini tashkil qilish hisoblanadi.

(Manba: )

mintaqalar: surxondayo

Surxondaryoda joriy mavsumda 5 ming 100 tonna baliq mahsuloti yetishtirish mo‘ljallanmoqda

Surxondaryo viloyatida joriy mavsumda 5 ming 100 tonna arzon va sifatli baliq mahsuloti yetishtirish mo‘ljallanmoqda.

Viloyatda baliq yetishtirishni ko‘paytirish, sohaga intensiv zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, baliqchilik xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotir.

“Surxondaryobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi mavsumda viloyatdagi 230 baliqchilik xo‘jaliklaridagi sun’iy suv havzalarida2 ming 527 tonna, yetti baliqchilik xo‘jaligida 1 ming 453 tonna baliq yetishtiriladi.Ikkita baliqchilik xo‘jaligi Vyetnam texnologiyasi asosida barpo etayotgan 6 gektar kichik suv havzalaridan 600 tonna, bitta yopiq suv aylanma tizimidan 300 tonna hamda 570 gektar sholi maydonlaridan 220 tonna baliq mahsulotlari olinadi.

– Xalqimizning arzon va sifatli luqmai halolga ehtiyojiniqoplash uchun har bir tumanning alohida dasturi ishlab chiqilib, vazifalar belgilandi, – deydi “Surxondaryobaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori o‘rinbosari F.Sattarov. – Ishchi guruhi tashkil etilib, joylardagi baliqchilik xo‘jaliklarini inventarizatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi. Baliqchilik loyihalarini ishga tushirish istagi bo‘lgan tashabbuskorlar taklifi o‘rganilib, tegishli tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Dasturga muvofiq, bu yil viloyatda 470 gektar yangi sun’iy ko‘llar barpo etish ko‘zda tutilgan. Hozirgacha Jarqo‘rg‘on tumanida 33,8, Muzrabot tumanida 18,1, Sho‘rchi tumanida 10,6, Qiziriq tumanida 6,5 gektar yer ajratildi. Boshqa tumanlarda ham sun’iy ko‘llar uchun yer maydonlari ajratishga e’tibor kuchaytirilayotir. Bu jarayonda suv resurslaridan oqilona foydalanish choralari ko‘rilmoqda.

Viloyatda inkubatsiya sexlari tashkil etib, baliq chavoqlari ishlab chiqarish yo‘lida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda “Surxon Agro Fish prom KO” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yillik quvvati 50 million dona bo‘lgan inkubatsiya sexida qurilish ishlari olib borilmoqda. “Karp havzasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yillik quvvati 50 million dona bo‘lgan inkubatsiya sexi ta’mirlanib, ishga tushirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mavsumda mavjud 5 ming 17 gektar tabiiy suv havzalarini 510 ming dona baliq chavoqlari bilan baliqlantirish belgilangan. O‘tgan davrda 3 ming gektardan ortiq suv havzasiga baliq chavog‘i tashlandi. 1 ming 113 gektar sun’iy suv havzalariningming gektarga yaqin maydoni 2 million 500 donadan ortiq baliq chavog‘i bilan baliqlantirildi.

Tabiiy ko‘llar atrofida baliq chavoqlari yetishtiriladigan reproduktor havzalar bunyod etish, tabiiy suv havzalariga qafas (sadok) moslamalarini o‘rnatish, yangi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham vohada baliqchilikni yuksaltirib, aholini arzon, parhezbop baliq mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.

(Manba: O‘zA)

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi

O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-tojik Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Dushanbe, 2018-yil 9-mart) ratifikatsiya qilish haqida

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 31-mayda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018-yil 28-iyunda ma’qullangan

O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-tojik Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnoma (Dushanbe, 2018-yil 9-mart) ratifikatsiya qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 3-iyul

№ O‘RQ—481

(Manba: Xalq so‘zi” gazetasi)

ilova

Mediatsiya to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 12-iyunda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018-yil 28-iyunda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi mediatsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Mediatsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Mediatsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining mediatsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunning amal qilish sohasi

Ushbu Qonunning amal qilishi fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, shuningdek yakka mehnat nizolariga va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli;

mediator – mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs;

mediativ kelishuv – mediatsiyani qo‘llash natijasida mediatsiya taraflari tomonidan erishilgan kelishuv;

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv – taraflarning tuzilgan paytdan e’tiboran mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan kelishuvi;

mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv – nizo kelib chiqquniga qadar yoki u kelib chiqqanidan so‘ng taraflarning nizoni mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirgan holda hal etish zarurligi to‘g‘risida tuzilgan kelishuvi.

5-modda. Mediatsiyaning asosiy prinsiplari

Mediatsiya maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

6-modda. Maxfiylik prinsipi

Mediatsiya ishtirokchilari mediatsiya jarayonida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni ularni taqdim etgan mediatsiya tarafining, uning huquqiy vorisining yoki vakilining yozma roziligisiz oshkor qilishga haqli emas.

Mediatsiya ishtirokchilari o‘zlariga mediatsiya jarayonida ma’lum bo‘lib qolgan holatlar haqida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emas, shuningdek ulardan mediatsiyaga taalluqli axborotni talab qilib olish mumkin emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

7-modda. Ixtiyoriylik prinsipi

Mediatsiya taraflarning mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda ifodalangan o‘zaro ixtiyoriy xohish-istagi bo‘lgan taqdirda qo‘llaniladi.

Mediatsiya taraflari mediatsiyani qo‘llashdan uning istalgan bosqichida voz kechishga haqli.

Taraflar o‘zaro maqbul kelishuvni muhokama qilish uchun masalalarni tanlashda erkindir.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish vaqtida yarashishga majburlash taqiqlanadi.

8-modda. Taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi prinsipi

Mediatsiya tartib-taomili mediativ kelishuv shartlariga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatishni istisno etgan holda amalga oshirilishi kerak.

Mediatsiya tartib-taomili nizo xususida taraflarning hamkorligi asosida o‘zaro maqbul qarorga erishish maqsadida amalga oshiriladi.

Mediatsiya taraflari mediatorni, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibini, mediatsiya tartib-taomilidagi o‘z nuqtai nazarini, bu nuqtai nazarni himoya qilish usullari va vositalarini tanlashda, axborot olishda, mediativ kelishuv shartlarining o‘zaro maqbulligini baholashda teng huquqlardan foydalanadi hamda ularning zimmasida teng majburiyatlar bo‘ladi.

9-modda. Mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsipi

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediator mustaqildir. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda mediatorning faoliyatiga biror-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mediator xolis bo‘lishi, mediatsiya tartib-taomilini taraflarning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishi va mediatsiyada ularning teng ishtirokini ta’minlashi, taraflarga o‘z majburiyatlarini bajarishi hamda o‘zlariga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi kerak. Mediatorning mustaqilligi va xolisligiga to‘sqinlik qiladigan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, u mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishdan voz kechishi kerak.

2-bob. Mediatsiya ishtirokchilari hamda ularning huquq va majburiyatlari

10-modda. Mediatsiya ishtirokchilari

Taraflar va mediator mediatsiya ishtirokchilaridir. Jismoniy shaxslar ham, yuridik shaxslar ham mediatsiya taraflari bo‘lishi mumkin.

Mediatsiya ikki va undan ortiq taraflar o‘rtasida bo‘lishi, shuningdek bir yoki bir nechta mediator tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Taraflar mediatsiyada shaxsan yoki o‘z vakili orqali qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etadi.

11-modda. Mediatsiya taraflarining huquq va majburiyatlari

Mediatsiya taraflari:

mediatorni ixtiyoriy ravishda tanlashga;

mediatordan voz kechishga;

mediatsiyaning istalgan bosqichida unda ishtirok etishdan voz kechishga;

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shaxsan yoki o‘z vakillari orqali ishtirok etishga haqli.

Mediatsiya taraflari o‘z o‘rtalarida tuzilgan mediativ kelishuvni ushbu kelishuvda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda bajarishi shart.

Mediatsiya taraflari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

12-modda. Mediatorga doir talablar

Mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin.

Professional asosdagi mediator faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkin.

Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin.

Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini amalga oshiruvchi shaxs ham O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tishi mumkin.

Quyidagilar mediator bo‘lishi mumkin emas:

davlat vazifalarini bajarish uchun vakolat berilgan yoki unga tenglashtirilgan shaxs;

muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxs;

sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;

o‘ziga nisbatan jinoiy ta’qib amalga oshirilayotgan shaxs.

Mediatorning faoliyati tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi.

13-modda. Mediatorning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi

Mediator:

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chog‘ida bir vaqtning o‘zida ham taraflarning barchasi bilan, ham taraflarning har biri bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazishga, ularga nizoni hal etishga doir og‘zaki va yozma tavsiyalar berishga;

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishi munosabati bilan sarflagan xarajatlarining o‘rni qoplanishini talab qilishga haqli.

Mediator:

mediatsiya boshlanguniga qadar mediatsiya taraflariga mediatsiyaning maqsadini, shuningdek ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi;

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chog‘ida faqat mediatsiya taraflarining roziligi bilan harakat qilishi;

nizo yuzasidan o‘zaro maqbul kelishuvga erishishga taraflarni ishontirishning qonuniy vositalari va usullaridan foydalanishi;

o‘zining mustaqilligi va xolisligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlar mavjud bo‘lsa yoki yuzaga kelsa, bu haqda taraflarga ma’lum qilishi shart.

Mediator qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Mediator taraflar oldida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijasida yetkazilgan zarar uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

14-modda. Professional mediatorlar reyestri

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan Professional mediatorlar reyestri yuritiladi, ushbu reyestr ularning rasmiy veb-saytlarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Shaxsning mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tishi uni Professional mediatorlar reyestriga kiritish uchun asos bo‘ladi.

Professional mediatorlar reyestrida quyidagilar bo‘lishi kerak:

mediatorning familiyasi va ismi;

mediatorning joylashgan yeri va aloqa bog‘lashga doir ma’lumotlari;

mediator ixtisoslashgan mediatsiya sohasi;

mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishga qodir bo‘lgan til haqidagi ma’lumotlar.

3-bob. Mediatsiyani qo‘llash va mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish

15-modda. Mediatsiyani qo‘llash shartlari

Mediatsiya taraflarning xohish-istagi asosida qo‘llaniladi.

Mediatsiya suddan tashqari tartibda, nizoni sud tartibida ko‘rish jarayonida, sud hujjatini qabul qilish uchun sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirguniga qadar qo‘llanilishi mumkin.

Mediatsiya nizoni hakamlik sudida ko‘rish jarayonida ham hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qo‘llanilishi mumkin.

Mediatsiyada ishtirok etganlik fakti aybni tan olish dalili bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas.

16-modda. Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv

Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuv shartnomadagi uning tarkibiy qismi bo‘lgan shart tarzida yoki alohida kelishuv tarzida yozma shaklda tuziladi.

Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda taraflar o‘rtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan barcha yoki muayyan nizolar mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish yo‘li bilan hal etilishi kerakligi haqidagi qoida bo‘lishi lozim.

Mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi kelishuvda nizo predmeti haqidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarda taraflarning ishtirok etish shartlari haqidagi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.

17-modda. Davlat organining ish bo‘yicha mediatsiya tartib- taomilini amalga oshirish chog‘idagi harakatlari

Qonunda nazarda tutilgan hollarda, vakolatli davlat organi ishning muhokamasini qoldirib, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun muddat tayinlashi mumkin.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chog‘ida davlat organining bevosita aralashuvi taqiqlanadi.

Sudda ish qo‘zg‘atilganidan keyin mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari protsessual qonun hujjatlarida belgilanadi.

Sud muhokamasi jarayonida, nizoni vakolatli davlat organida ko‘rish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chog‘ida taraflar tomonidan erishilgan mediativ kelishuv tegishli ish qaysi sud yoki vakolatli davlat organining ish yurituvida turgan bo‘lsa, darhol o‘sha sudga yoki vakolatli davlat organiga yuboriladi.

Nizo mediativ kelishuv bilan mediatsiya tartibida hal qilingan taqdirda, to‘langan davlat boji qaytarilishi lozim.

18-modda. Davlat organi ishtirokidagi nizoda mediatsiyani qo‘llash

Davlat organi ishtirokida nizo kelib chiqqan taqdirda, davlat organi mediatsiyani qo‘llash bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak.

19-modda. Mediatsiya tartib-taomilining boshlanishi

Mediatsiya tartib-taomili mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida taraflar tomonidan kelishuv tuzilgan kundan e’tiboran boshlanadi.

20-modda. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuv yozma shaklda tuziladi.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvda:

taraflar haqidagi;

nizo predmeti to‘g‘risidagi;

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi, mediator, taraflar tomonidan kelishilgan majburiyatlar, ularni bajarish shartlari va muddatlari haqidagi;

mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan til, joy va sana to‘g‘risidagi;

mediatsiya tartib-taomili amalga oshiriladigan muddat haqidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.

21-modda. Da’vo muddatining o‘tishini to‘xtatib turish

Mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda da’vo muddatining o‘tishi to‘xtatib turiladi.

22-modda. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun taraflar o‘zaro kelishuvga ko‘ra bir yoki bir necha mediatorni tanlaydi.

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibi, qoida tariqasida, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvda belgilanadi.

Mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda mediator o‘zining harakatlari bilan biror-bir tarafni ustun holatga qo‘yishga, xuddi shuningdek taraflardan birining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklashga haqli emas.

23-modda. Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvda belgilanadi. Bunda mediator va taraflar mediatsiya tartib-taomili o‘ttiz kundan ortiq bo‘lmagan muddatda tugallanishi uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishi kerak. Zarur bo‘lgan taqdirda, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddati taraflarning o‘zaro roziligi bilan o‘ttiz kungacha uzaytirilishi mumkin.

24-modda. Mediatsiyaning tugatilishi

Mediatsiya quyidagi holatlar munosabati bilan tugatiladi:

taraflar tomonidan mediativ kelishuv tuzilganligi;

nizo xususida o‘zaro maqbul bo‘lgan qarorga erishish imkoniyati yo‘qligi;

mavjud ixtiloflar bo‘yicha kelishuvga erishmay turib mediatsiyani tugatish to‘g‘risida taraflarning kelishuvi tuzilganligi (mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida yozma kelishuv mavjud bo‘lgan taqdirda);

biror-bir tarafning mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishni ma’lum qilganligi;

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish muddatlari o‘tganligi.

25-modda. Mediatsiyani qo‘llash chog‘idagi cheklovlar

Mediatsiyani qo‘llash chog‘ida mediator:

ayni bir nizo bo‘yicha biror-bir tarafning vakili bo‘lishga, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan va uning ishtirok etishiga har ikkala tarafning o‘zaro roziligi bo‘lgan hollar mustasno;

biror-bir tarafga yuridik, maslahat yordami yoki boshqa yordam ko‘rsatishga;

agar u mediatsiyani amalga oshirish natijasidan shaxsan (bevosita yoki bilvosita) manfaatdor bo‘lsa, shu jumladan taraflardan biri bo‘lgan shaxs bilan qarindoshlik munosabatlarida bo‘lsa, mediator faoliyatini amalga oshirishga, bundan uning ishtirok etishiga har ikkala tarafning o‘zaro roziligi bo‘lgan hollar mustasno;

taraflarning roziligisiz nizoning mohiyati bo‘yicha oshkora bayonotlar berishga haqli emas.

26-modda. Mediatsiyaga taalluqli axborotning maxfiyligi

Taraflar, mediator, shuningdek mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar muhokamaning mediatsiya predmeti bo‘lgan nizo bilan bog‘liq bo‘lgan-bo‘lmaganligidan qat’i nazar, agar taraflar boshqacha qoida haqida kelishib olmagan bo‘lsa, muhokama jarayonida:

taraflardan birining mediatsiyani qo‘llash to‘g‘risidagi taklifi haqidagi, xuddi shuningdek taraflardan biri uni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanligi to‘g‘risidagi;

nizoni hal etish ehtimoli xususida taraflardan biri bildirgan fikrlar yoki takliflar haqidagi;

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish jarayonida taraflardan biri tomonidan bildirilgan e’tiroflar to‘g‘risidagi;

taraflardan biri mediatorning yoki ikkinchi tarafning nizoni hal etish haqidagi taklifini qabul qilishga tayyorligi to‘g‘risidagi axborotni havola qilishga haqli emas.

27-modda. Mediatsiyaga taalluqli axborotni mediator tomonidan oshkor qilish sharti

Agar mediator taraflarning biridan mediatsiyaga taalluqli axborotni olgan bo‘lsa, u bu axborotni faqat uni taqdim etgan tarafning roziligi bilan boshqa tarafga oshkor qilishi mumkin.

28-modda. Mediatorning faoliyatiga haq to‘lash

Professional asosdagi mediatorning faoliyati haq evaziga yoki tekin amalga oshirilishi mumkin.

Noprofessional asosdagi mediatorning faoliyati tekin amalga oshiriladi.

Noprofessional mediatorga uning mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish bilan bog‘liq holda qilgan xarajatlarining, shu jumladan nizoni ko‘rib chiqish joyiga borib kelish uchun yo‘l haqi, yashash va ovqatlanish xarajatlarining o‘rni qoplanishi mumkin.

Haq to‘lash va xarajatlarning o‘rnini qoplash taraflar tomonidan, agar ular boshqacha qoida haqida kelishib olmagan bo‘lsa, teng ulushlarda amalga oshiriladi.

Mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishni rad etgan taqdirda, u mediatsiya taraflari tomonidan o‘ziga to‘langan pul mablag‘larini qaytarib berishi shart.

29-modda. Mediativ kelishuv

Mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari bo‘yicha taraflar kelib chiqqan nizo xususida o‘zaro maqbul qarorga erishgan taqdirda, taraflar o‘rtasida yozma shaklda mediativ kelishuv tuziladi.

Davlat organi yoki boshqa organ tomonidan qaysi shaxsning manfaatlarini ko‘zlab da’vo taqdim etilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs mazkur davlat organining yoki boshqa organning ishtirokisiz mediativ kelishuv tuzishga haqli.

Mediativ kelishuv uni tuzgan taraflar uchun majburiy kuchga ega bo‘lib, ushbu kelishuv unda nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda taraflar tomonidan ixtiyoriy ravishda bajariladi.

Mediativ kelishuv bajarilmagan taqdirda taraflar o‘z huquqlari himoya qilinishini so‘rab sudga murojaat etishga haqli.

Mediativ kelishuv bajarilmasligining oqibatlari taraflar tomonidan ushbu kelishuvning o‘zida belgilab qo‘yilishi mumkin.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

30-modda. Nizolarni hal etish

Mediatsiya sohasida kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

31-modda. Mediatsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Mediatsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

32-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

33-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

34-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun 2019-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2018-yil 3-iyul № O‘RQ – 482

(Manba: Xalq so‘zi” gazetasi)

 

 

Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart

Comments