YANGILIKLAR XABARNOMASI №126 TIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi 2018-yil 29-iyun

posted 16 Jul 2018, 11:01 by Webmaster Ambasciata

PREZIDENT.. 1

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida. 1

Rasmiy.. 1

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida. 1

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi. 3

Mintaqa yoshlari uchun muloqot maydoni 3

O‘zbekiston respublikasi oliy majlisi senati. 4

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot 4

Jamiyat.. 9

O‘zbekiston: Uzoq muddatli rivojlanishning strategik konsepsiyasi muhokama qilindi 9

O‘zbekiston turizm o‘lkasi. 10

Shahrisabz YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatida qoladi 10

Ilova.. 11

O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida. 11

 

PREZIDENT

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Turkmaniston Prezidentini tug‘ilgan kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.

Bugungi Turkmaniston erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlar, uning xalqaro nufuzi izchil yuksalib borayotgani Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarligida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar va yangilanishlarning, ijobiy betaraflik siyosatining amaliy natijalari ekani alohida ta’kidlandi.

Turkmaniston Prezidentining Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, transport yo‘laklari va energetik infratuzilmani rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, sportni ommalashtirish borasida va boshqa yo‘nalishlardagi xalqaro miqyosdagi tashabbuslariga yuksak baho berildi.

Oliy darajadagi muntazam muloqot va uchrashuvlar qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirishga xizmat qilayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turkmaniston Prezidentining joriy yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan samarali davlat tashrifi hamda uning yakunida erishilgan muhim kelishuvlar va bitimlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligiga yangi sur’at baxsh etib, uni amaliy mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.

Suhbat chog‘ida savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika sohalari, samarali transport va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Turkmaniston Prezidenti samimiy tabrik va tilaklar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston Prezidentini joriy yil avgust oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining sammitida ishtirok etishga taklif qildi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashda intilishi qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

(Manba: O‘zA)

Rasmiy

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonimiz milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yib, barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari amalga oshirilayotgan bugungi kunda biz uchun bebaho ne’mat bo‘lgan mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

O‘tgan davr biz uchun g‘oyat muhim bir haqiqatni takror va takror tasdiqlab bermoqda. Erkin va farovon hayotimizni, buyuk kelajagimizni faqat mustaqillik asosida qurishimiz, odamlarimiz, el-yurtimizni faqat mustaqil siyosat asosida rozi qilishimiz mumkin. Faqat mustaqillik bugungi va kelgusi avlodlar uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlar ochib beradi.

Shu ma’noda, mamlakatimiz istiqlolini, u bilan bog‘liq tarixiy sana va voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur anglash va qadrlash, har tomonlama munosib nishonlash ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotimizda alohida muhim o‘rin tutadi.

Xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan, Vatanimizning necha ming yillik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosiga aylantirgan O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.

Mazkur dastur 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uyg‘un holda tayyorlansin.

Bunda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, inson manfaatlarini ta’minlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohani, xususan, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport tarmoqlarini rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mazmun-mohiyatini ilmiy-ma’rifiy asosda, hayotiy misollar orqali ochib berishga alohida e’tibor qaratilsin.

3. Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.

4. Respublika komissiyasi o‘z yig‘ilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin.

Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilinsin va taqdirlansin.

7. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin.

8. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

9. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 28-iyun

(Manba: O‘zA)

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Mintaqa yoshlari uchun muloqot maydoni

27-iyun kuni Samarqand temir yo‘l vokzalida mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo yoshlar forumi” ishtirokchilari Samarqand viloyati hokimligi, jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi a’zolari, jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Qozog‘istonning “Nur Otan” partiyasi “Jas Otan” yoshlar qanoti, Qirg‘iziston Yoshlar, jismoniy tarbiya va sport sohasi davlat agentligi, Tojikiston Yoshlar va sport davlat qo‘mitasi hamda Turkmaniston Sport va yoshlar siyosati vazirligi, Maxtumquli nomidagi Turkmaniston yoshlar tashkiloti kengashi vakillarining Samarqand tarixiy obidalari, diqqatga sazovor maskanlari bo‘ylab sayohati uyushtirildi.

Mehmonlar Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi, Samarqand shahridagi Amir Temur, Bibixonim maqbaralarini ziyorat qildi. Mirzo Ulug‘bek madrasasida tashkil etilgan xayriya auksionida ishtirok etdi.

Viloyat hokimligida forumning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz tashabbusi bilan birinchi marta o‘tkazilayotgan forum Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tarixan qaror topgan do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, globallashuv jarayonida mintaqa yoshlarini turli yot g‘oya va ta’sirlardan asrash hamda ularni yuksak ma’naviyatli insonlar etib kamolga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.

– O‘tgan yil 30 iyun kuni O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida Prezidentimiz yoshlar hayotidagi kamchilik va muammolar haqida gapirib, tizimda tub burilish yasaydigan islohotlar o‘tkazish lozimligini ta’kidlagan edi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari N.Jonuzoqov. – Shu kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati o‘rnida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilib, uning imtiyoz va imkoniyatlari yanada kengaytirildi. Mamlakatimizda 30 iyun – Yoshlar kuni, deb e’lon qilindi. Davlat organlari va jamoat tashkilotlarida yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi joriy qilindi. Faol yoshlarni rag‘batlantirish uchun davlat mukofotlari ta’sis etildi. Yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini olib borishi, oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi uchun bir qator imtiyozlar yaratildi. Prezidentimiz yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama barkamol insonlar qilib tarbiyalash butun bashariyatning oldida turgan muhim vazifaekanini jahonning yuksak minbarlaridan turib alohida ta’kidladi. Xususan, davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Joriy yil 10 iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga murojaati va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi qabul qilindi.

Azaldan bir zaminda yonma-yon yashab kelayotgan o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq, turkman xalqlarining yoshlari jam bo‘lgan bugungi forum Markaziy Osiyo mamlakatlarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar va dasturlarni hamkorlikda amalga oshirishi uchun muhim qadam sanaladi.

– Mintaqa yoshlari uchun ezgu maqsadlarni ko‘zlagan bugungi anjumanning Samarqandda o‘tkazilayotgani bejiz emas ekan, – deydi Qozog‘istonning “Jas Otan” yoshlar qanoti Akmola oblasti filiali raisiS.Bekeshev. – Chunki bu shahar qadimdan madaniyat, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat maskani, sivilizatsiya beshigi sifatida shuhratqozongan. Bugun bu yerdagi me’moriy obidalarni tomosha qilib, dunyo ahlining ma’rifati va madaniyati tutashgan ko‘hna va navqiron Samarqandning salobatini, muhtashamligini dildan his etdik. Anjuman tadbirlarida mintaqadagi barcha mamlakatlardan kelgan tengdoshlarimiz hayoti va davlat siyosatiga doir muhim masalalar xususida fikr almashdik. Kelajakda bir maqsad sari intilish, jipslashishga kelishib oldik. Shu jihatdan ham forum samarali o‘tmoqda.

Forum doirasida “Fan va ta’limni rivojlantirishda yoshlarning o‘rni”, “Markaziy Osiyo mintaqasidagi madaniy hamkorlik”, “Yoshlar turizmi Markaziy Osiyo taraqqiyotining asosiy omili”, “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” kabi mavzularda davra suhbatlari, yoshlar press-klublari o‘tkaziladi. Registon maydonida qardosh xalqlar yoshlari uchun 3D shou namoyish qilinadi. Forum yakunida mamlakatlar o‘rtasida “Qo‘shma hamkorlik 2019-2021” memorandumi imzolanadi.

(Manba: O‘zA)

O‘zbekiston respublikasi oliy majlisi senati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2018-yil 28-iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi ish boshladi. Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.

Senatorlar ishni “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Qonun shaxs, jamiyat va davlatning ekstremizmdan xavfsizligini ta’minlashga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga, fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlashga qaratilgan.

Qonunda ekstremizmga qarshi kurashishning asosiy tushunchalari, prinsiplari va yo‘nalishlari, bu sohada faoliyatni amalga oshiruvchi organlar doirasi va ularning vakolatlari, ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlari, shuningdek, ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirishga, ekstremizm sohasidagi huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yishga, shuningdek, javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga, xalqaro umume’tirof etilgan normalar va standartlarni ijro etishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatimiz sud tizimida ish hajmini kamaytirishdan iborat.

Ushbu Qonun fuqarolik huquqiy munosabatlardan, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan nizolarga, shuningdek, yakka mehnat nizolariga, oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Shunisi e’tiborliki, ushbu Qonun mediatsiyada ishtirok etmayotgan uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan nizolarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Qonunda mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Professional asosdagi mediator faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek, Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi mumkinligi Qonunda nazarda tutilgan.

Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini yigirma besh yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin. Qonunda mediatsiya tadbirkorlik faoliyati hisoblanmasligi, maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplari asosida amalga oshirilishi ham ko‘rsatilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar tomonidan “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqildi. Qonunning maqsadi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekish keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, chekmaydigan fuqarolar huquqlari himoyasini ta’minlash va tamaki tutuni bilan zararlanishning oldini olish, chilim va elektron sigaretalar chekish natijasida kelib chiqadigan kasalliklar hamda guruh bo‘lib chekish oqibatida yuqish xavfi bo‘lgan xastaliklar tarqalishining oldini olishdir.

Qonunda “chilim”, “chilim uchun tamakisiz chekish aralashmasi”, “chilim chekish uchun damlama”, “chilim uchun chekish toshi”, “elektron sigareta” kabi asosiy tushunchalarning mazmuni ochib berilgan, shuningdek, chilim va elektron sigaretalar chekish mumkin bo‘lmagan jamoat joylari ro‘yxatiga aniqlik kiritilgan.

Qonun chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama va targ‘ib qilishni cheklashga doir normalardan iborat bo‘lib, unda jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash choralarini ko‘rish uchun mas’ul shaxslar va ularning majburiyatlari belgilangan, jamoat joylarida joylashgan xonalarni chilim va elektron sigaretalarni chekish uchun berish, shuningdek, jamoat joylarida chilimni va elektron sigaretalarni foydalanishga berish taqiqlanadi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ta’lim maskanlari va boshqa tashkilotlar ishtirok etishining belgilab qo‘yilgani bunda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar ishni yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqish bilan davom ettirdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ta’kidlanganidek, Qonunning maqsadi integratsiyalashgan tadbirkorlar hamjamiyatini shakllantirish va tadbirkorlik subyektlarining, ular birlashmalarining davlat organlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini keng qamrab olish va ularni tadbirkorlar hamjamiyatini shakllantirish jarayoniga jalb qilishdan iboratdir.

Qonunda umumiy qoidalar, Palataning vazifalari va funksiyalari, davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorligi, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlardagi ishtiroki, uning faoliyatini tashkil etish, xalqaro hamkorligi, nizolarni hal qilish mexanizmi nazarda tutilgan.

Qonunning yangi tahririda tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoyalash hamda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish, davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, tadbirkorlik subyektlarini o‘qitish va kadrlar tayyorlash, tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohalaridagi Palataning funksiyalari mustahkamlab qo‘yilgan.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi tadbirkorlik subyektlarini, ayniqsa, ularning faoliyati shakllanayotgan davrda qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratishga, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga, xususiy mulk va tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga har tomonlama ko‘mak berishga, ularning ustuvor rolini va daxlsizligini ta’minlashga, respublika tumanlari va shaharlari aholisini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga ko‘maklashadi. Senatorlar Qonunni ma’qulladilar.

Majlis davomida senatorlar yangi tahrirdagi “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonunda o‘simliklar karantini sohasini, O‘zbekiston Respublikasining o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati tizimini va unga rahbarlik qilishni tartibga soluvchi umumiy qoidalar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning o‘simliklar karantini sohasidagi huquq va majburiyatlari, o‘simliklar karantiniga doir tadbirlar va ularni amalga oshirish, mazkur sohadagi axborotning ochiqligi, karantin ostidagi mahsulotni olib kirish va olib chiqish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Qonunda o‘simliklar karantini sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, davlat nazoratini yuritish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tashqi va ichki o‘simliklar karantini bo‘yicha tadbirlar tizimini amalga oshirish, fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, o‘simliklar karantini sohasida samarali monitoring olib borish tizimini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘simliklar karantini sohasidagi vakolatlarini nazarda tutadigan normalar bilan to‘ldirilgan.

O‘zgartishlarga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘simliklar karantini sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi, tegishli hududda bu sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi, aholini o‘simliklar karantini obyektlari tarqalganligi haqida xabardor qilishda o‘simliklar karantini davlat inspektorlariga ko‘maklashadi.

Senatorlar qayd etganidek, mazkur Qonun o‘simliklar karantini sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, karantin xizmati faoliyatiga zamonaviy xorijiy texnologiyalarni va ishlash usullarini joriy etish, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mas’ul xodimlarining majburiyatlarini aniq belgilash, shuningdek, don, o‘simliklar, xomashyo va boshqa o‘simlik mahsulotlari bilan xalqaro miqyosda savdo qilishda o‘simliklar kasalliklarini qo‘zg‘atuvchilar, yovvoyi o‘tlar va zararkunandalar o‘tishining oldini olish maqsadida import va eksport qiluvchi mamlakatlarning tadbirkorlik subyektlari bajarishi kerak bo‘lgan fitosanitariya chora-tadbirlari hamda normalarini mukammal belgilash orqali fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashga doir tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini, jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qator qonunlarni ham ko‘rib chiqdilar. Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2017-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.

Hisobotda ta’kidlanganidek, prokuratura organlari tomonidan 2017-yilda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoyalash, mamlakatda jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Xususan, tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish, tuman (shahar) prokuraturalarida tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining shak-shubhasiz ijrosini ta’minlash maqsadida 386 ta shtat birligi miqdorida qo‘shimcha prokuror o‘rinbosari va yordamchisi lavozimlari joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi “Prokuratura organlarining axborot-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlarning, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholini yuz berayotgan voqealardan o‘z vaqtida xabardor qilish maqsadida Bosh prokuratura huzurida Axborot-tahlil multimedia markazi tashkil etildi.

Qonuniylikni ta’minlash holatini va jinoyatlar sonini tahlil qilish natijalari bo‘yicha huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish, huquqiy normalarni qo‘llashda noxolislikka yo‘l qo‘ymaslik, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida 2017-yilda Bosh prokuratura tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi.

Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq prokurorlar tomonidan har yili o‘z faoliyati haqida xalq deputatlarining tegishli Kengashlariga hisobot taqdim etish hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini qonuniylikni ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish holati to‘g‘risida xabardor qilish tartibi belgilandi.

Qishloq xo‘jaligida islohotlar olib borishga qaratilgan qonunlar ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida fermer xo‘jaliklariga 51,3 milliard so‘mlik kredit (O‘R MB kursi 29.06.2018 da, 1$= 7871.66 so‘m), 9,9 milliard so‘mlik ish haqi olishda hamda 5,8 milliard so‘mlik debitorlik qarzini undirishda, 375 ta fermer xo‘jaligining bankda hisob raqamlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda va ochishda amaliy yordam berildi. Nazorat tadbirlari vaqtida 15,5 ming gektar asossiz berilgan yoki noqonuniy foydalanilayotgan yerlar zaxira jamg‘armasiga qaytarildi, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘tkazish uchun ajratilgan 114 million so‘m hamda 61,8 milliard so‘mlik ish haqi, kreditlar va boshqa to‘lovlar talon-toroj qilingani aniqlandi. Aybdorlar javobgarlikka tortildi.

Nazorat tadbirlari davomida 51260 ta tadbirkorlik subyektining huquqlarini buzish holatlari, shu jumladan, 57 ta noqonuniy aralashish holati va 53 ta noqonuniy tekshiruv, 752 ta noqonuniy qaror qabul qilingani aniqlandi. 49 866 nafar tadbirkorning huquqlari va 2797 nafar tadbirkorning faoliyati tiklandi.

Hisobotni eshitgach, senatorlar jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, adolatni mustahkamlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdilar.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2017-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar.

Qayd etilganidek, 2017-yilda Hisob palatasi tomonidan 70 ga yaqin tahliliy o‘rganish va nazorat tadbiri olib borildi. Shundan 49 tasi bevosita joylarda, qolganlari vazirlik va idoralarda o‘tkazildi.

Hisobotda ta’kidlanganidek, 2018-yilgi Davlat byudjeti loyihasini va soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishda Hisob palatasi tomonidan takliflar tayyorlangan va Moliya vazirligiga taqdim etilgan. Ushbu takliflar asosida byudjet daromadlari prognozi 1,4 trillion so‘mga qayta hisob-kitob qilindi. Davlat byudjetining respublika va mahalliy darajadagi shakllanishi hamda uning ijrosi yuzasidan nazorat o‘rnatilib, davlat mablag‘larining qonuniy, maqsadli, samarali sarflanishi byudjetdan moliyalashtiriladigan vazirlik va idoralar misolida o‘rganib chiqildi.

Nazorat tadbirlari natijasida 37 milliard so‘mlik va 7 million dollarlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar hamda 270 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad manbalari aniqlandi.

Senatorlar hisobotni eshitib, Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan samarali, byudjet daromadlari manbalaridan esa to‘liq foydalanish, joylardagi sektorlar rahbarlarining ish faoliyatiga baho berish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining, Prezident qarorlari va farmoyishlaridagi topshiriqlarning ijrosi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladilar. Muhokama yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlari tomonidan 2018-yilning birinchi yarim yilligida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.

Qayd etilganidek, hisobot davrida vazirlik tomonidan jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tergov jarayonida gumon ostida bo‘lgan va jabrlangan shaxslarning huquqlarini to‘liq himoya qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.

Joriy yil boshidan buyon olib borilgan ishlar natijasida sodir etilgan jinoyatlar sonini 40,7 foizga kamaytirishga erishildi.

Shu bilan birga, keyingi vaqtda ichki ishlar organlarining tezkor-xizmat faoliyati jinoyatchilikning erta oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish ishlariga qaratildi. Har bir xonadonni o‘rganish va mavjud muammolarni qisqa muddatda hal etish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshirildi.

Mahallalarda jinoyatchilikning erta oldini olishda va aholida jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatni shakllantirishda muhim omil sifatida har bir sodir etilgan jinoyatni jamoatchilik bilan muhokama qilish va har oyda aholi oldida profilaktika inspektorlari tomonidan hisobot berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, yosh oilalar orasida ajrashish hollarining oldini olish, notinch oilalardagi janjallarni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida maqsadli profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Profilaktika inspektorlari Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazalariga ulangan zamonaviy mobil smartfonlar bilan ta’minlangani ularning faoliyatini yanada yaxshilashda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Shu orqali ularga shubhali shaxslarni tekshirish va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona bazaga joylashtirish uchun imkoniyat yaratildi.

Sud-huquq tizimini isloh qilish doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlari buzilishining oldini olish, gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlikning har qanday ko‘rinishlariga chek qo‘yish maqsadida tergov izolyatorlarida va tergovchilar xonalarida so‘roq qilish jarayonini stenografiyaga tushirish, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari joriy etildi.

Ichki ishlar vazirining axborotini muhokama qilish chog‘ida senatorlar tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish borasidagi ichki ishlar organlarining faoliyatida yangi innovatsion texnologiyalardan yanada kengroq foydalanish tavsiya etildi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, ichki ishlar organlari faoliyatining tubdan yaxshilanishi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Muhokama yakunlari bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

(Manba: O‘zA)

jamiyat

O‘zbekiston: Uzoq muddatli rivojlanishning strategik konsepsiyasi muhokama qilindi

Toshkent shahridagi Inha universitetida 28-iyun kuni“O‘zbekiston Respublikasini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” mavzuida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

“Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, diplomatik korpus, tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro va jamoat tashkilotlari, ilmiy markazlar vakillari, olimlar, ishbilarmonlar, 20 ga yaqin mamlakatdan kelgan 60 dan ziyod xalqaro ekspertlar, yoshlar, xorijda yashayotgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekistonni 2035-yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlantirishning strategik konsepsiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari A.Abduvohidov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili H.Freyzer, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor, “Buyuk kelajak” tashkiloti ekspertlar kengashi raisi A.Kalanov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat va jamiyat hayotini isloh qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, bu jarayonda xalqaro tajriba va ilmiy yondashuvlardan foydalanilayotgani muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Dunyoning turli mintaqalarida ta’lim olayotgan yoki mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlarning davlat boshqaruvi institutlarini isloh qilish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, investitsiyalar bozorini qo‘llab-quvvatlashga keng jalb qilinishi O‘zbekistonning pragmatik siyosatini aks ettirishi qayd etildi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan yalpi sessiya yig‘ilishlarida davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, aholining yashash darajasi va ijtimoiy muhofazani kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, issiqlik va elektr energiyasi majmuasi infratuzilmalarini rivojlantirish, ta’lim kabi sohalardagi mavjud muammolar muhokama etildi.

– Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Oksford shahrida dunyoning qadimiy muzeyi – Eshmolean joylashgan, – dedi “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti eksperti Umid Obidxo‘jayev. – Undagi Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan bo‘limda mashhur ispan sayyohi Rui Gonsales de Klavixoning xotiralari o‘rin olgan. Qaydnomalarda Samarqanddagi oddiy kundalik buyumlar Parijdagi san’at durdonalariga qiyoslanadi. Biz bugun mamlakatimizning sanoat mollariga shunday baho berilishini istaymiz. Sessiya yig‘ilishlarida bu kabi muammolarni bartaraf etish va taraqqiyotning yuqori ko‘rsatkichlariga erishish borasidagi qarashlarim bilan o‘rtoqlashdim.

Xalq farovonligi zamin qarida emas, balki tafakkurda. Shu ravnaqning keyingi bosqichi quyosh va shamol energiyasidan unumli foydalanishda namoyon bo‘lmoqda. Bu cheksiz, ekologik barqaror energiya manbaidir. Yaqin yillarda mazkur manbalar har bir korxona va uy xo‘jaligi uchun maqbul tanlov va imkoniyatga aylanishiga shubha yo‘q.

Bu kabi fikr-mulohazalar sanoat infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan sessiya yig‘ilishlarida atroflicha muhokama qilindi.

– Biz to‘qnash kelayotgan masalalar va javobini kutayotgan savollarning aksariyati rivojlangan mamlakatlarda qisman o‘z yechimini topgan, – dedi xalqaro ekspert Hasan Rajabboyev. – Mana shu tayyor va inkor etish qiyin bo‘lgan tajriba bilan o‘rtoqlashish, mukammal bo‘lmasa-da, xolis va amaliy fikrlarni bildirish maqsadida mazkur forum tashkil etildi. Asosiy maqsadimiz mamlakatimizda kechayotgan islohotlar yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, meriotokratik tizimni rag‘batlantirish, innovatsion siyosatning turkumlarini yaratishdan iboratdir.

Tadbirda O‘zbekistonni 2035-yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli rivojlantirishning strategik konsepsiyasini ishlab chiqishdagi asosiy yo‘nalishlarni belgilash, kengash a’zolaridan iborat iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va ijtimoiy soha yo‘nalishida ishchi guruhlari faoliyatini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Moliya, innovatsiyalar, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ilm-fan, turizm, madaniyat sohalarida ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

(Manba: O‘zA)

O‘zbekiston turizm o‘lkasi

Shahrisabz YUNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatida qoladi

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda tarixiy ob’ektlarni saqlab qolish bo‘yicha ishlar tubdan kuchaytirilishini ma’lum qildi.

Shahrisabzning tarixiy markazi (Qashqadaryo viloyati) YuNYeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatida qoladi. Bu haqdagi qaror shu kunlarda Manamada (Bahrayn) bo‘lib o‘tayotgan YuNYeSKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 42-sessiyasida qabul qilindi. Sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarlik qilmoqda.

Shahrisabz tarixiy markazini YuNYeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatidan chiqarish sessiya kun tartibidagi masalalardan biri edi. 2016 yilda Umumjahon merosi qo‘mitasi Istanbulda bo‘lib o‘tgan 40-sessiyasida xavf ostida turgan Shahrisabz tarixiy markazini Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritgan edi.

«Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasining xabar qilishicha, Aziz Abduhakimov o‘z nutqida sessiya ishtirokchilarini Shahrisabz tarixiy markazida olib borilgan ishlar bilan tanishtirib, ular mahalliy aholi hayotini yaxshilash maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlab o‘tdi.

Qo‘mita a’zolari O‘zbekiston hukumatining yaqinda qabul qilingan «O‘zbekistonda Umumjahon merosi ob’ektlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qarori bilan ham tanishtirildi. U Umumjahon merosi qo‘mitasi tavsiyalarini bajarishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan «yo‘l xaritasi"ni ham o‘z ichiga oladi.

«Yo‘l xaritasi» YuNYeSKOning Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Umumjahon meros ob’ektlari hamda O‘zbekistonning tarixiy shahar landshaftlari hududlarida amalga oshiriluvchi barcha loyihalar bo‘yicha dastlabki ekspertizalar vazifalarni belgilab beradigan xalqaro konsultativ guruhni tashkil etishni ham ko‘zda tutadi.

Aziz Abduhakimov O‘zbekiston ham moddiy, ham nomoddiy merosni saqlashni uyg‘unlashtirish yo‘lidan borayotganini ta’kidlab o‘tdi. Joriy yil boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev har ikki yilda bir marta sentabr oyining birinchi dekadasida Shahrisabz tarixiy markazida Maqom san’ati bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur tashabbus YuNYeSKO va 2003 yilgi Konvensiya tomonidan rasman qo‘llab-quvvatlandi.

Muhokamalar jarayonida Aziz Abduhakimov O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatdagi tarixiy ob’ektlarni saqlab qolish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan qo‘mita a’zolarining ko‘plab savollariga javob qaytardi.

Debatlar yakunlari bo‘yicha qo‘mita a’zolari o‘rtasida Shahrisabz tarixiy markazini YuNYeSKO Umumjahon merosi Ro‘yxatida saqlab qolishni ko‘zda tutuvchi Umumjahon meros qo‘mitasining muqobil qarori loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishga qaror qilindi.

«Qo‘mita a’zolari yakuniy qarorga keldi va mazkur hujjatni qo‘llab-quvvatlandi. Unda mamlakatimizdagi madaniy yodgorliklarni saqlash sohasida O‘zbekistonning YuNYeSKO bilan faol hamkorlik qilishiga chaqiriq ham o‘rin olgan», — dedi axborot manbasi.

(Manba: Gazeta.uz)

ilova

O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekistonda oilani rivojlantirishga global darajada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida qaraladi.

Shu bilan birga, ushbu sohada davlat siyosatini muvaffaqiyatli olib borishni to‘xtatib turuvchi bir qator tizimli muammo va kamchiliklar oila institutini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga va belgilangan maqsadlarga erishishga to‘sqinlik qilmoqda. Chunonchi:

birinchidan, tegishli idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilishning ta’sirchan tizimi mavjud emas, oilani rivojlantirish masalalari bo‘yicha davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektor hamkorligi past darajada;

ikkinchidan, oila institutini mustahkamlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ixtisosligi tor, hozirgi hayot voqeligidan uzilib qolgan, ilmiy tadqiqotlar natijalari amaliyotga sust joriy etilmoqda;

uchinchidan, oilaning demografik rivojlanishida o‘zgarishlar yuz bermoqda, oila ajralishlari soni o‘smoqda, mazkur sohada salbiy tendensiyalar va muammolar sabablarini asoslovchi tadqiqotlar yetishmayapti;

to‘rtinchidan, oilada, ta’lim muassasalarida madaniy-tarixiy meros salohiyatidan sust foydalanilmoqda, milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan g‘oya va qarashlar ta’sirining oldini olish borasidagi ishlar samarasiz;

beshinchidan, oila institutini mustahkamlashning qonunchilik asoslari mukammal emas, huquqni qo‘llash amaliyotini va ilg‘or xorij amaliyotini o‘rganish asosida oilani himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asos mavjud emas;

oltinchidan, mutaxassislar yetishmaydi va kadrlar malakasi past darajada, ta’lim tizimida mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan, oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha o‘quv dasturlari mukammal emas.

Oila institutini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu jarayonda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning yaqin hamkorligini hamda faol rolini ta’minlash maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5325-son Farmoniga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga binoan oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar etib belgilansin:

oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish;

zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;

demografik rivojlanishni rag‘batlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish;

oilaning tarbiyaviy-ta’lim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash;

oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda “Yo‘l xaritasi” deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar sifatli hamda to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi (keyingi o‘rinlarda “Oila” markazi deb yuritiladi):

Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish jarayonining samarali muvofiqlashtirilishi hamda tizimli monitoringi, ularning ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berilishini ta’minlasin;

Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni aniq ko‘rsatkich va natijalarni ko‘rsatgan holda muntazam ravishda tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilishi choralarini ko‘rsin;

zarur hollarda, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar vakillarini, xorijiy ekspertlarni Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda ishtirok etishga, shuningdek, oila institutini mustahkamlash bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilishga jalb qilsin.

5. “Oila” markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va keng jamoatchilikning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 sentyabrdagi A/RES/47/237-son rezolyutsiyasi bilan e’lon qilingan Xalqaro oila kunini respublikaning barcha hududlarida har yili nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

“Oila” markazi respublikada 2019 yilda va keyingi yillarda Xalqaro oila kunini nishonlash to‘g‘risidagi Hukumat farmoyishi loyihasini 2018 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda muntazam ravishda sport va madaniy tadbirlarni tashkil qilsin hamda ularni Xalqaro oila kuni arafasida o‘tkazishga alohida e’tibor qaratsin.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad, vazifalari va Konsepsiyaning amalga oshirilishini yoritib borish bo‘yicha maqolalar e’lon qilinishini va mavzuga oid ko‘rsatuvlar efirga uzatilishini tashkil qilsin.

8. “Oila” markazi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.K.Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori D.G.Toshmuhamedova zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 27-iyun

(Manba: O‘zA)

  

Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart

Comments