YANGILIKLAR XABARNOMASI №125 TIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi 2018-yil 28-iyun

posted 16 Jul 2018, 11:01 by Webmaster Ambasciata

27-IYUN – MATBUOT VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XODIMLARI KUNI. 1

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigi 1

Yuksak ishonch va rag‘bat mas’uliyatga undaydi 2

PREZIDENT.. 4

Aholi muammolarini hal etish, turmush sharoitiva hayot sifatini yaxshilash – bosh maqsadimiz. 4

Investitsiya.. 6

Osiyoning eng yetakchi kompaniyasi — “Indorama” Sirdaryoga investitsiya kiritadi 6

Ishbilarmonlik muhiti. 6

Soliq tizimi shakl-shamoyili ham, mazmuni ham o‘zgaradi 6

Ilova.. 8

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida. 8

  

27-IYUNMATBUOT VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XODIMLARI KUNI

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigi

Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, siz, azizlarni, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan muhtaram faxriylarimizni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etish, barchangizga chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish borasida siz, matbuot ahlining fidokorona mehnat qilayotganingizni xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Sizlar kabi ming-minglab olijanob kasb egalarining sa’y-harakatlari, iste’dod va mahorati bilan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqimiz hayotiga, uning quvonch va tashvishlariga tobora yaqin bo‘lib, O‘zbekistonning yangi, demokratik qiyofasini shakllantirishda g‘oyat muhim rol o‘ynamoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining soni qariyb 4 barobar ko‘payib, 1500 taga yetgani ushbu tarmoqda o‘sish, o‘zgarish jarayonlari izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Eng muhimi, soha rivojida ana shunday miqdor o‘zgarishlari bilan birga sifat o‘zgarishlari ham yuz bermoqda. Buning tasdig‘ini milliy media maydonimizda fuqarolik jamiyatining muhim sharti bo‘lgan nodavlat ommaviy axborot vositalari tarmog‘i kengayib, samarali faoliyat ko‘rsatayotgani, internet jurnalistikasi jadal rivojlanib borayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Keyingi paytdaommaviy axborot vositalari xodimlarining demokratik jarayonlar, fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi o‘rni va nufuzini, mahalliy gazetalar, tele-radiokanallarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng asosiysi, matbuotda fikrlar, qarashlar xilma-xilligini ta’minlash bo‘yicha jiddiy ishlar amalga oshirilgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Gazetalarimiz, tele-radiokanallarimizda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchaygani, bevosita xorijiy mamlakatlardan tayyorlanayotgan materiallar soni ortib borayotganini biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bugun biz dunyodagi uzoq-yaqin davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlab, yurtimizdagi demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga intilar ekanmiz, boshqa sohalar qatori ommaviy axborot vositalari faoliyati bo‘yicha ham hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tushunamiz. Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishi zarur. Bu – zamon talabi, islohotlarimiz talabi.

Birinchi navbatda media tarmoqlari faoliyati samarasini oshirish, ularni xalq bilan muloqotning ishonchli vositasiga aylantirish, zamonaviy axborot xizmatlari bozorini, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish singari dolzarb masalalar doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi kerak.

Shu maqsadda parlamentimiz tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga axborot sohasini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha faol ish olib borilayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Bu borada O‘zbekistonJurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, qalam haqi miqdorini oshirish, ijodiy jamoalar bilan yirik kompaniyalar va xo‘jalik birlashmalari, banklar o‘rtasida “do‘stlar klublari”ni tashkil etishga qaratilgan amaliy ishlarimizni ta’kidlash lozim.

Ommaviy axborot vositalari uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida yaqinda katta umidlar bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etganimizdan xabaringiz bor.

Ushbu oliy ta’lim maskani sohada erishilgan yutuqlarni har tomonlama o‘rganish, jurnalistika fani, uning ilmiy-nazariy asoslarini, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur o‘zlashtirish, xalqaro standartlar darajasidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari sohasida amalga oshirilayotgan ana shunday ishlarning barchasi O‘zbekiston jurnalistikasining jahon axborot maydonida munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Hozirgi vaqtda hayotimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimizga yetkazish, odamlarni yangi marralar sari safarbar etish, oldimizga qo‘ygan vazifalarni sifatli amalga oshirishda sizlarning ta’sirchan so‘zingiz, faol grajdanlik pozitsiyangiz suv bilan havodek zarur.

Haqiqatan ham, har qanday murakkab sharoitda ham adolat tamoyiliga, o‘zining hayotiy va ijodiy prinsiplariga sodiq qolish, odamlarni qiynayotgan kamchilik va muammolarni dadillik bilan ko‘tarib chiqish, ularni bartaraf etish uchun jamoatchilik fikrini shakllantirishga, avvalo, sizlar kabi ma’naviy jasorat egalarigina qodir bo‘ladi.

Biz jamiyatimizda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlashda sizlarga, sizlarning bilim va iste’dodingizga tayanamiz.

Ayniqsa, hayot va kasb tajribangizni yoshlarga o‘rgatish, ularni zamonaviy fikrlaydigan, Vatan va xalq manfaatini muqaddas deb biladigan, sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalashda ko‘pchilikka o‘rnak va namuna bo‘lasizlar, deb ishonaman.

O‘z-o‘zidan ravshanki, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish, soha rivojiga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bundan buyon ham biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

Aziz va muhtaram do‘stlar!

Sizlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

(Manba: O‘zA)

Yuksak ishonch va rag‘bat mas’uliyatga undaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini oshirish, jamiyatda demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta. Soha xodimlari mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini chuqur tahlil asosida yoritish, aholiga haqqoniy va xolis axborotlarni yetkazish borasida samarali mehnat qilmoqda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, faxriy jurnalistlar, noshirlar, matbaachilar, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigini PrezidentningDavlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Bu yil tariximizda birinchi marta ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar. Bu bayramga o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Tadbirda Vatanimizning yuksak mukofotlari tantanali topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va matbuotning ta’sirchanligini oshirishga katta e’tibor berilayotganini alohida ta’kidladi. Soha xodimlarining mehnati munosib taqdirlanayotgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda fuqarolarning so‘z erkinligiga doir huquqlarini, axborot xavfsizligini ta’minlash, soha xodimlari manfaatlarini himoyalash borasida barcha huquqiy asoslar yaratilgan.

Prezidentimizning 2017-yil 3-avgustda ijodkor ziyolilar vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda ilgari surgan g‘oya va takliflarimamlakatimiz ijodiy tashkilotlari faoliyatida yangi davrni boshlab berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining“O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash ”Ilhom“ jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalarva ommaviy axborot vositalari faoliyatiniyanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari sohani yanada rivojlantirish va xodimlar mehnatini munosib baholash hamda ularning turmush sharoitlarini yaxshilashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda 1500 dan ortiq ommaviy axborot vositasi faoliyat olib bormoqda. Ulardan 700 ga yaqini gazeta, 309 tasi jurnal, 65 tasi televideniye, 35 ta radio, 4 ta axborot agentligi, 15 tasi axborotnoma-byulleten, 395 tasi veb-saytdan iborat. Mavjud teleradiokanallarning 66 foizini, bosma nashrlarning 50 foizdan ziyodini nodavlat axborot vositalari tashkil etadi. Mustaqillikdan avval respublikamizda 395 ta ommaviy axborot vositasi bo‘lib, ularning deyarli barchasi davlatga qarashli edi.

Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat ommaviy axborot vositalari muhim rol o‘ynamoqda. Zero, taraqqiyotning muhim omillaridan bo‘lgan fikrlar rang-barangligining shakllanishida ommaviy axborot vositalari salmoqli o‘rin egallamoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar zamon talabiga mos kadrlar tayyorlash masalasini yuzaga chiqarmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 24 may kuni “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi tarixiy hujjat bo‘ldi.

Mazkur qarorda ommaviy axborot vositalarining barcha turlari uchun kadrlar, jumladan, bir necha xorijiy tillarni biladigan xalqaro jurnalistlar, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan etib belgilangan. Dunyoda shiddat bilan kechayotgan globallashuv jarayonida axborotning hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgani, milliy jurnalistikamizning taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rgangan holda mamlakatimiz axborot siyosatini takomillashtirish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini yanada oshirish muhim yo‘nalishlardan sanaladi.

Soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, yangi-yangi ijodiy parvozlar sari chorlash, kasb malakasi va mahoratini yuksaltirish borasidagi ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda. Bunday sa’y-harakatlar jurnalistikamiz rivojiga xizmat qilayotgan turli ko‘rik-tanlovlar, ijodiy bellashuvlar, grant loyihalar, ijtimoiy dasturlarda ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

Shu kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng faol jurnalisti” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari va sovrindorlariga ham mukofotlar topshirildi.

Bayram tadbiri ishtirokchilari uchun O‘zbek Milliy akademik drama teatri san’atkorlari ijrosida mashhur adib Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asari asosida tayyorlangan spektakl namoyish etildi.

Shu kuni Toshkentning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bayram sayllari davom etdi.

(Manba: O‘zA)

PREZIDENT

Aholi muammolarini hal etish, turmush sharoitiva hayot sifatini yaxshilash – bosh maqsadimiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 27-iyun kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, aholi yashash joylarini obod maskanga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2018-yil 29- martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, joriy yilda 159 ta tumandagi 386 ta qishloqda qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu qishloqlarda 142 mingta yakka tartibdagi uy-joy va 1000 dan ziyod ko‘p qavatli uyni ta’mirlash, 2,5 ming kilometr elektr, 495 kilometr gaz, 2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va qayta tiklash, 17 ming dona kanalizatsiya qudug‘i va 3 ming kilometr yo‘llarni ta’mirlash, 2 ming 400 ta bozor va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish belgilangan.

Bundan tashqari, 388 maktab, 313bog‘cha, 168 tibbiyot muassasasi, 38 mahalla binosi va 55 boshqa ijtimoiy soha obyektini qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan.

Bugun kunga qadar 51 ming 660 yakka tartibdagi uy-joy, 518 ko‘p qavatli uy, 610 kilometr elektr tarmog‘i, 66 kilometr gaz quvuri, 398 ta transformator punkti ta’mirlangan.

Yig‘ilishda bu boradagi dastlabki natijalar atroflicha tahlil qilindi. Dasturda belgilangan ishlarni tashkil qilish va amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, dasturga qo‘shimcha kiritilgan 64 qishloqning 44 tasi bo‘yicha, xususan, Andijonda – 22, Navoiyda – 6, Toshkent viloyatida – 13, Xorazmda – 3 ta qishloqning bosh rejasi ishlab chiqilmagan.

Prezidentimiz dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni shakllantirish borasidagi ishlar sustkashlik bilan olib borilayotganini tanqid qildi. Qator hududlarda uy-joylarni ta’mirlash ishlari hanuz talab darajasida tashkil etilmagan. Misol uchun, 54 qishloqdagi jami 14 mingta uy-joyni ta’mirlash ishlari boshlanmagan. Qishloq joylardagi ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlari talab darajasida emas.

Yig‘ilishda dastur doirasida aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlanib, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida suv tarmoqlarini qurish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

O‘tkazilgan tahlillar qishloqlarda sizot suvlar sathini pasaytirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmaganini ko‘rsatmoqda. Sizot suvlar sathini pasaytirish uchun 2,2 ming kilometr melioratsiya tarmoqlarini ta’mirlash va tiklash talab etiladi. Biroq, bugungi kunda atigi 220 kilometr kollektor-drenaj tizimida ishlar bajarilgan.

Davlatimiz rahbari ikki hafta muddatda qishloqlarda irrigatsiya va kollektor-drenaj tarmoqlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni yakunlab, ishlarni boshlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Yig‘ilishda 73 qishloqda 455 kilometr elektr tarmoqlarini hamda 40 aholi punktida 76 kilometr gaz ta’minotini ta’mirlash ishlari haligacha boshlanmagani alohida ko‘rsatib o‘tildi. "O‘zbekenergo” AJ rahbariyatiga bu qoloqlikni tezda bartaraf etish, mahalliy hokimliklar bilan birga ikki hafta muddatda ushbu qishloqlarda elektr energiyasi tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini boshlash vazifasi topshirildi.

Shuningdek, chekka hududlarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish bo‘yicha kunlik grafik ishlab chiqib ijrosini ta’minlash, dasturga kiritilgan qishloqlar va ularga tutash hududlarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlashni kuzga qadar yakunlash zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yana bir muhim masalaga e’tibor qaratildi. Dasturga kiritilgan qishloqlarda ijtimoiy soha obyektlarini qurish va ta’mirlash ishlari orqada qolmoqda. Jumladan, 318 maktab bo‘yicha loyiha-smeta ishlari yakunlanmagan. 109 oilaviy poliklinikani ta’mirlash bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqish va tasdiqlashni jadallashtirish zarur. Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida tibbiyot muassasalarini ta’mirlash ishlari kechiktirilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari faqat Buxoro, Jizzax, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘z muddatida bajarilmoqda.

Qishloq joylarda zamonaviy savdo nuqtalari hamda maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etish qishloq aholisi turmush sharoiti yaxshilanishida muhim samara beradi. Bundan 2 oy oldin o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloqlarda 368 savdo kompleksi qurish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Ayni kunda ularning 52 tasini qurish boshlangan, 36 tasiga yer ajratilgan, 66 tasi rekonstruksiya qilinmoqda.

Yig‘ilishda 214 supermarket tipidagi savdo komplekslarini qurish, qishloqlarda maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari va hammomlarni namunaviy loyihalar asosida barpo etish uchun bo‘sh turgan bino-inshootlarni tadbirkorlarga berish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha viloyatlarida qurilish-obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Yig‘ilishda hududlarga qurilish materiallarini uzluksiz va yetarli miqdorda yetkazib berish, qishloqlarda shunday mahsulotlar do‘konlari ochish zarurligi ta’kidlandi. Bu belgilangan tadbirlarning sifatli va muddatida bajarilishini ta’minlab, qurilish ishlari narxi oshib ketishining oldini oladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz shu yil 1 iyun kuni Chilonzor tumanidagi Xirmontepa va Tirsakobod mahallalarida bo‘lganida “Obod mahalla” dasturi loyihasini shakllantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Bugungi kunda tajriba sifatida Toshkent shahrining 11tumani va yurtimizdagi 30 shaharda 1 tadan mahalla hududida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi mahallalarni o‘rganish borasida boshlangan ishlar xususida to‘xtalar ekan, poytaxtimizdagi ahvol viloyatlardagi eng chekka qishloqlardan ham achinarli ekanini afsus bilan qayd etdi.

– Xalqimiz bir oydan buyon Toshkent shahridagi mahallalar ahvoli to‘g‘risidagi teleko‘rsatuvlarni ko‘rib borayapti. Nafaqat Chilonzorda, balki shaharning deyarli barcha tumanida Manasdagi sharoitdan battar joylar borligini hokimlar va mutasaddi idoralar rahbarlari bilmaydi. Sababi, rahbarlar bunday joylarga umuman bormagan, – dedi Prezidentimiz. – Qachongacha hokimliklar va mutasaddi idoralar rahbarlari yuqoridan topshiriq kelishini kutib o‘tiradi, qachon ular muammo va kamchiliklarni o‘z tashabbusi bilan bartaraf etishni boshlaydi? Afsuski, shu vaqtgacha bu savolga hech kimdan javob olmadim.

Ana shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Obod qishloq” dasturi tajribasidan kelib chiqib, “Obod mahalla” dasturi qabul qilindi.

Ushbu dasturga muvofiq, joriy yilda har bir shaharda kamida 2 tadan va 2022 yilgacha har yili kamida 3 tadan mahalla qiyofasi tubdan yangilanadi. Ichimlik suvi, elektr va tabiiy gaz, kanalizatsiya tarmoqlarida qurilish-ta’mirlash, sizot suvlari sathini pasaytirish ishlari olib boriladi. Shuningdek, 5 ming 607 kilometr ichki yo‘llar, 369 ijtimoiy soha obyektini ta’mirlash, 969 bozor infratuzilmasi obyekti va servis shoxobchalari barpo etish mo‘ljallangan. Buning uchun mahalliy hokimliklar huzurida “Obod mahalla” jamg‘armalari tuziladi.

Dasturni amalga oshirish uchun 2018-2019 yillarda jami 3 trillion 130 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi (O‘R MB kursi 28.06.2018 da, 1$= 7871.66 so‘m). Bir so‘z bilan aytganda, mazkur dastur mahallalarni obod qilishda muhim qadam bo‘ladi.

– “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish islohotlarimiz ichida eng muhim o‘rinlardan birini egallaydi, – dedi Prezidentimiz. – Chunki biz xalqimiz oldida ularning muammolarini hal etish, turmush sharoiti va hayoti sifatini yaxshilashga burchlimiz.

Yig‘ilishda dasturga muvofiq qishloq va mahallalarni obod qilish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash yuzasidan qat’iy nazorat mexanizmini yanada kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida har bir tuman va shahar bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni hamda uy-joylar, ijtimoiy va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishini tashkil etish yuzasidan “tarmoq jadvali”ni tasdiqlash zarurligi ta’kidlandi.

Har haftaning chorshanbasi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” kuni deb belgilandi. Shu kuni respublika – viloyat – tuman darajasidagi barcha tashkilotlar bilan ushbu dasturlar ijrosini tanqidiy muhokama qilib, muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

– Joylardagi haqiqiy ahvolni biz xalqimizdan yashirmaymiz va borini qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatib boramiz. Albatta, bu ko‘pchilikka yoqmayapti, ko‘p rahbarlar buni hazm qila olmayapti. Lekin, biz bu boradagi barcha holatni va boshlagan ishlarimizni xalqimiz bilan bamaslahat va jamoatchilik nazorati ostida amalga oshiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yig‘ilishida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini o‘z vaqtida, sifatli ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.

(Manba: O‘zA)

Investitsiya

Osiyoning eng yetakchi kompaniyasi — “Indorama” Sirdaryoga investitsiya kiritadi

Sirdaryo viloyati hokimi G’.Mirzayev Osiyodagi yetakchi kimyoviy xolding kompaniyalaridan biri, Singapurning “Indorama” kompaniyasi vakili Dipak Reynni qabul qildi.

Dipak Reyn Sirdaryo viloyatida xorijlik investorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan mamnun ekanini ta’kidladi. Jumladan, hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini alohida qayd etdi. Sirdaryoda paxta klasteri va paxta tolasini qayta ishlash korxonalari tashkil etish maqsadida ekanini bildirdi.

“Indorama” – Osiyodagi yetakchi kimyoviy xolding kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1975 yilda Indoneziyaning “Sintetiks Indo-Rama” kompaniyasi ta’sischiligida tashkil etilgan. Bugungi kunda “Indorama” kompaniyasi tomonidan polietilen, polipropilen, polester, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik va tibbiy qo‘lqoplar ishlab chiqarilmoqda.

Viloyat hokimi G’.Mirzayev xorijlik tadbirkorning taklifini qo‘llab-quvvatlab, Oqoltin va Sardoba tumanlaridan yer ajratish taklifini berdi.

Shu kuni Dipak Reyn bu tumanlarda bo‘lib, unga taklif etilgan hududni o‘rgandi, tuman hokimlari bilan uchrashdi.

(Manba: )

Ishbilarmonlik muhiti

Soliq tizimi shakl-shamoyili ham, mazmuni ham o‘zgaradi

Davlat g‘aznasini to‘ldirishni soliqlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiyotning negizini, Davlat byudjetining daromad qismini soliq yig‘imlari tashkil etadi.

Mamlakat soliq tizimining barqaror faoliyati esa yurt hamda xalq farovonligi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Yurtimizdagi soliq tizimini isloh qilish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ammo bugungi shiddatli davr har qanday sohaga yangicha yondashuvni, eski ish uslubidan voz kechgan holda, samarali mexanizmni tatbiq etishni kun tartibiga olib chiqmoqda. Xususan, davlat g‘aznasi butligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan soliq organlarining ish tutumi bugungi kun talablarga javob bermay qo‘ydi.

Joylardagi soliq organlarining soliq yig‘uvlari masalasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashuvi sohada talon-torojlik, korrupsiya, qing‘ir ishlarga yo‘l ochib berdi. Oxir-oqibat bu tizimni tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish lozimligini ko‘rsatdi.

Prezidentimizning “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mavjud muammolarni bartaraf qilish barobarida, sohani tubdan isloh etish, samarali tizimni ishga solishga turtki berishi, shubhasiz. Boisi, qarorga binoan, soliq tizimining ustuvor vazifalari hamda funksiyalari, ish uslubi va tashkiliy tuzilmasi ham butunlay o‘zgaradigan bo‘ldi. Mamlakat soliq ma’murchiligi tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari belgilab berildi.

— Endilikda soliq organlari soliq to‘lovchilarning biznes hamkori hamda maslahatchisi bo‘lib, “Soliq xizmati — insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori” tamoyili asosida ishlaydi, — deydi Davlat soliq qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i Xolbo‘ta Ismatov. — Aynan ushbu maqsadlarni to‘la-to‘kis amalga oshirish maqsadida, birinchi navbatda, 2019 yil 1 yanvardan boshlab har bir soliq to‘lovchiga “shaxsiy kabinet” ochiladi va barcha tadbirkorlik subyekti, yuridik shaxslarga soliq xizmatlari ayni shu kabinet orqali ko‘rsatiladi. Shuningdek, 2018 yil 1 oktyabrdan e’tiboran soliq tushumlarining nazorati ham kuchaytiriladi. Ya’ni tovar yoki realizatsiyasidan tushumlarni hamda xodimlar sonini kamaytirib ko‘rsatish soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida malakalanadigan bo‘ldi.

Hujjatga asosan, davlat soliq xizmati organlari faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari ham belgilanmoqda. Unga ko‘ra, endilikda soliq idoralari faoliyati davlat soliq xizmati organlari ishining sifatini qoniqarli baholovchi soliq to‘lovchilar va ularning harakatlari ustidan shikoyatlar soni, kameral nazorat natijasida undirilgan soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlarning umumiy summasi, xronometraj va ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha aniqlangan Davlat byudjeti daromadlarini oshirish zaxiralari summasi hamda ularni undirish darajasi, hisoblangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar undirishning to‘liqligi, davlat soliq xizmati organlari bilan o‘zaro munosabatlarida “shaxsiy kabinet”dan foydalanish darajasi, elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish hamda onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llayotgan soliq to‘lovchilarni qamrab olish darajasi kabi qator mezonlar asosida baholanadi.

Bundan tashqari, soliq organlarining huquqlari kengaytirilmoqda. Xususan, endilikda yuridik shaxslar tomonidan soliqlarni to‘lashdagi hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmaganda, soliq idoralariga ularning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish, davlat ulushlari bo‘yicha dividendlarning va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan Davlat byudjetiga ajratmalarning to‘g‘ri hisoblanishi hamda undirilishini ta’minlash, soliq to‘lovidagi axborotning ishonchliligini tekshirish maqsadida joyiga chiqqan holda, tematik va ekspress-o‘rganishlar o‘tkazish, soliq qarzdorligini jismoniy shaxslarning plastik kartalaridan yechib olish huquqlari berilmoqda.

Yangiliklardan yana biri shuki, Davlat soliq qo‘mitasining “Respublika axborot-maslahat markazi” hamda “Soliq deklaratsiyalarini qayta ishlash markazi” davlat unitar korxonalari tugatilib, uning negizida “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi, shuningdek, Moliya vazirligi huzurida Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi ish boshlaydi. Qo‘mita tarkibidagi Soliq akademiyasi esa Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi malaka oshirish markazi sifatida qayta tashkil etiladi.

Soliq organlari xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish masalalari ham e’tibordan chetda qolmagan. 2018 yil 1 avgustdan boshlab mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish hamda korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida davlat soliq xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshlariga tarif koeffitsiyenti 1,7 baravar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

Qisqasi, mamlakatimiz soliq tizimining shaklu shamoyili va mazmuni tubdan o‘zgaradi. Endi soliq organlari faqat soliq yig‘uvchi emas, balki soliq to‘lovchiga yaqin ko‘makchi sifatida ham faoliyat olib boradi. Bu tamoyil qo‘llanilishining asosiy maqsadi — yangi tizimni xalqimiz hamda tadbirkorlarga yanada yaqinlashtirishdan iboratdir.

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil

multimedia markazi materiallari asosida

(Manba: Xalq so‘zi” gazetasi)

ilova

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2017-yil 9-iyunda Ostona shahrida ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va takliflarni amalga oshirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan har tomonlama foydalanish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita), Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Yoshlar ittifoqi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasining ular muassisligida nodavlat notijorat tashkiloti ko‘rinishidagi muassasa shaklida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin, quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:

SHHT mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashish;

SHHT mamlakatlari bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirishda ishtirok etish;

SHHT mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

SHHT mamlakatlari o‘rtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, axborot resurslarini shakllantirish hamda SHHTning maqsadlari, vazifalari, faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy prinsiplarini keng tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, SHHT mamlakatlarining madaniy-gumanitar sohada erishgan yutuqlari to‘g‘risida axborot-tahliliy materiallar tayyorlash va ularni muntazam chop etib borish;

SHHT mamlakatlari va ularning xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhini mustahkamlash maqsadida xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalanish.

2. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

davlat subsidiyalari, ijtimoiy buyurtmalar va ijtimoiy sheriklik doirasida ajratiladigan grantlar;

texnikaviy ko‘maklashish vositalari, xalqaro va xorijiy hukumat, nohukumat tashkilotlari, tijorat banklari hamda boshqa tashkilotlarning Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ajratadigan grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

3. Markazga:

o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlaridan zarur statistik va tahliliy axborotni talab qilish va bepul olish;

ilmiy, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun davlat mulki bo‘lmish majlislar zali va konsert zallaridan (ana shu zallar o‘z tasarrufida bo‘lgan subyektlar bilan kelishilgan jadval bo‘yicha) bepul foydalanish huquqi berilsin.

4. Qo‘mita:

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Markaz faoliyatini moddiy-texnik va axborot jihatdan ta’minlash, shuningdek, Markaz tadbirlarida ishtirok etish uchun xorijiy ekspertlarni taklif qilish maqsadida texnikaviy ko‘maklashish vositalarini va grantlarni jalb etish masalalarini SHHT hamda boshqa xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan puxta ishlab chiqishda Markazga yordam ko‘rsatsin;

Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Milliy teleradiokompaniya bilan birgalikda SHHT mamalakatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar, sport hamda boshqa aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda madaniyat, sport, turizm va OAV sohasidagi tadbirlarni tashkil qilishda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Milliy teleradiokompaniya Markazga yordam bersin.

5. Markazga ikki oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.

6. Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Milliy teleradiokompaniya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari majlislar zali va boshqa mulkdan vaqtincha foydalanish uchun ularni bepul taqdim etish orqali madaniy, sport tadbirlari hamda boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda Markazga yordam bersinlar.

7. Markaz Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi, 45-uyda ijara haqi “nol stavka” bo‘yicha joylashtirilsin.

8. Moliya vazirligi:

2018-yilda Qo‘mitaga Markaz joylashadigan bino qismini mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti parametrlari doirasida;

Markazga xodimlar mehnatiga haq to‘lash uchun Tashqi ishlar vazirligi xodimlari uchun belgilangan normativlarga muvofiq zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

9. Toshkent shahar hokimligi ikki hafta muddatda Markazning zarur zamonaviy kompyuterlar, tashkiliy texnika, mebel va anjomlar bilan jihozlanishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikaasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazning telefon aloqasi va internet tarmog‘iga ulanishini o‘rnatilgan tartibda ta’minlasin.

11. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan birgalikda Milliy kutubxonaning axborot-kutubxona fondiga hamda chet ellardagilitsenziyalangan yetakchi axborot-kutubxona resurslarining fondlariga doimiy elektron bog‘lanishini ta’minlasin.

12. “O‘zavtosanoat” AJga “Lasetti” rusumli 1 dona yangi avtotransport vositasini Markazga xayriya ionasi sifatida topshirish tavsiya qilinsin.

13. Adliya vazirligi bir hafta muddatda Markaz qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatiga olinishini ta’minlasin.

14. Tashqi ishlar vazirligi Markazning buyurtmanomalariga binoan, Markaz tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari undirilmagan holda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

15. Ichki ishlar vazirligi Markaz buyurtmanomalariga binoan, Markazda ishlash uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga vizalar muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular vaqtincha yashaydigan joyda vaqtinchalik ro‘yxatga olish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji undirilmasdan belgilangan tartibda ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Markaz faoliyatining maqsad va vazifalarini aholi o‘rtasida, shu jumladan, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, jumladan, internet tarmog‘ida keng yoritilishini ta’minlasin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2018-yil 26-iyun

(Manba: O‘zA)

 Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart

Comments