YANGILIKLAR XABARNOMASI №124 TIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi 2018-yil 27-iyun

posted 16 Jul 2018, 10:59 by Webmaster Ambasciata

PREZIDENT.. 1

Iqtisodiy manfaatdorlik avtomobilsozlik rivojida bosh omil bo‘lishi zarur 1

Islohotlar.. 2

Poytaxtimizda “O‘zbekiston – 2035” forumi o‘tkaziladi 2

Xalqaro munosabatlar.. 2

TIVda uchrashuv. 2

Jamshid Qo‘chqorov YTTB delegatsiyasi bilan uchrashdi 3

Aleksandar Lukashenko O‘zbekiston elchixonasi uchun yaxshi joy taklif qildi 3

O‘zbekiston respublikasi oliy majlisi qonunchilik palatasi. 3

Deputatlar aholi hayot darajasini yuksaltirishga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar 3

Jamiyat.. 5

Oliy komissar va talabalar fikr almashdi 5

Ta’lim... 6

Vatanparvar, fidoyi diplomatlar safi kengayadi 6

Ilova.. 8

Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida. 8

   

PREZIDENT

Iqtisodiy manfaatdorlik avtomobilsozlik rivojida bosh omil bolishi zarur

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 26-iyun kuni avtomobil sanoatida joriy yil uchun belgilangan ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, tarmoqning rivojlanish istiqbollarini belgilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Mamlakatimiz avtosanoati iqtisodiyotimizni yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan tarmoqlardan biridir. “General Motors”, “MAN”, “Isuzu” kabi jahondagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda yurtimizda yengil va yuk avtomobillari, avtobuslar ishlab chiqarilmoqda. Shu bilan birga, bugungi kun avtomobil sanoatini modernizatsiya qilish va bosqichma-bosqich rivojlantirish, raqobatbardosh va eksportbop avtomobillar ishlab chiqarish, ularning modellarini muntazam yangilash vazifalarini qo‘ymoqda.

Yig‘ilishda tarmoqda mahalliylashtirish, aholiga avtomobillarni tez va arzon yetkazib berish, tashqi bozorga eksport qilish zamon talablariga umuman javob bermasligi tanqid qilindi.

Mamlakatimiz bir paytlar yiliga 100 mingdan ziyod avtomobil eksport qilgan bo‘lsa, oxirgi 5 yilda uni ishlab chiqarish va eksport qilish hajmi kamaygan. Tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani bunga sabab bo‘lmoqda.

Keyingi 2,5 yilda avtomobil sotishda korrupsiya va tovlamachilik holatlari bo‘yicha 99 ta jinoiy ish ochilgan. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasida yuzaga kelgan qarzdorlik oqibatida o‘tgan yili tizimdagi bir nechta korxona faoliyatini zarar bilan yakunlagan. Avtomobillar yillar davomida o‘z tannarxidan past qiymatda eksportga chiqarilgan. O‘z navbatida, tannarxni tushirish bo‘yicha sezilarli ish qilinmagan.

Avtomobil ehtiyot qismlari tayyorlashni o‘zlashtirish ham qoniqarsiz ahvolda. Butlovchi qismlar importi ham hanuz yuqoriligicha qolmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, avtomobilsozlikda mahsulot tannarxini kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, importni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish, avtomobillar ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarda sotish tizimini takomillashtirish lozimligini ta’kidladi.

Avtomobil sanoatining eksport salohiyatini kengaytirishda yuzaga kelayotgan zarar hajmini qisqartirish muhim o‘rin tutadi. Prezidentimiz shu maqsadda 2020 yilgacha bosqichma-bosqich foyda bilan eksport qilish choralarini ko‘zda tutuvchi kompleks dastur ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Ichki bozorda avtomobil sotishda korrupsiya bartaraf etilmayotgani aholi noroziligiga olib kelmoqda. Avtosalonlarning joylashishi va avtomobillar taqsimoti hududlar aholisining talablariga javob bermaydi, – dedi davlatimiz rahbari. – Misol uchun, 3 million aholisi bo‘lgan Qashqadaryo viloyatida atigi 2 ta avtosalon xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, 2,8 millionlik aholisi bor Toshkent viloyatida 12 ta avtosalon mavjud. Natijada aholi qo‘shni viloyatlardan avtomobil qidirib sarson bo‘lmoqda.

Yuqoridagi kamchiliklardan kelib chiqib, yig‘ilishda avtomobil ishlab chiqarishda iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish, tashqi bozorda raqobatga chidamli mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ularni sotish tizimini takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Hukumat va “O‘zavtosanoat” kompaniyasi rahbariyatiga mamlakatimiz avtomobilsozlik tarmog‘i jahon bozorida munosib o‘rin egallashi uchun uni izchil rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, iste’molchilar ehtiyojini inobatga olgan holda, yanada zamonaviy mashinalar ishlab chiqarishni kengaytirish, tarmoqqa innovatsion texnologiyalarni jalb etish va investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.

(Manba: O‘zA)

Islohotlar

Poytaxtimizda “O‘zbekiston – 2035” forumi o‘tkaziladi

2018- yil 28-29 iyun kunlari Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tadigan mazkur forumda mamlakatimizni rivojlantirishning istiqbolli strategiyasi muhokama qilinadi.

Tadbir “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tashkil etilmoqda. Unda turli vazirlik va idoralar mutasaddilari, ilmiy markazlar mutaxassislari, diplomatik korpus vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtiroki kutilmoqda.

Forumda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, aholi yashash darajasi va ijtimoiy muhofazani kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, issiqlik va elektr energiyasi majmuasi, infratuzilmani rivojlantirish, moliyaviy soha, innovatsiyalar, o‘rta va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish, ilm-fan, turizm, madaniyat, ta’lim va inson kapitali kabi sohalardagi mavjud muammolar muhokama etiladi.

“Buyuk kelajak” tashkiloti O‘zbekistonda tug‘ilib, turli sabablarga ko‘ra xorijda yashayotgan, tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan tashkil etilib, joriy yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida xalqaro nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Mazkur tuzilma yurt rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan, innovatsion g‘oyalarini mamlakatimiz sanoati va ishlab chiqarish, shuningdek, ilmiy sohada tatbiq etishni maqsad qilgan chet ellarda yashayotgan vatanparvar yurtdoshlarimizni o‘z atrofiga birlashtiradi.

(Manba: O‘zA)

xalqaro munosabatlar

TIVda uchrashuv

2018-yilning 27-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashri ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov AQShning taniqli jamoatchilik arbobi va olimi, J.Hopkins Universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr bilan uchrashdi. U mamlakatimizda nufuzli xalqaro tadqiqotchilar bilan bo‘lib turibdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston-AQSh munosabatlarining dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 15-17-may kunlari AQShga birinchi rasmiy tashrifi va Prezident Donald Tramp bilan muzokaralari yakunlariga yuqori baho berildi va ikki davlat hamkorligini yanada rivojlantirish uchun tarixiy ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Frederik Starr O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning jo‘shqin va uzoq muddatli rivojlanishi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjudligini ta’kidladi. Uning “O‘zbekistonning yangi yuzi” kitobi Vashington shahrida may oyi boshida “Atlantika kengashi”dagi brifing chog‘ida ekspertlar hamjamiyati va keng jamoatchilikka ilk bor taqdim etilgan edi.

AQShlik tadqiqotchi “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasining O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 22-iyun kuni bir ovozdan qabul qilinishini olqishladi. Ushbu hujjat umumiy muammolarni birgalikda hal qilish, ko‘p millionli aholining taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash bo‘yicha mintaqa mamlakatlarining sa’y-harakatlarini jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining yana bir dalilidir.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV veb-sahifasi)

Jamshid Qo‘chqorov YTTB delegatsiyasi bilan uchrashdi

Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha ijrochi direktori Natalya Xanjenkova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar moliya sektori hamda davlat-xususiy hamkorlikning joriy masalalarini, shuningdek, fond bozori va milliy valyuta bozorlari rivojlanishini muhokama qilishdi.

Natalya Xanjenkova qayd etdi: “Biz hozirda mamlakat rivojlanishining deyarli har bir yo‘nalishini bo‘layotgan O‘zbekiston rahbariyatining tashabbuslarini, barcha ishlarni, shuningdek, bizning qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda kelajakdagi hamkorlik istiqbollari qadrlaymiz”.

Natalya Xanjenkovaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda YeTTB tomonidan turli yo‘nalishlardagi loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Xususan, Toshkent, Namangan va Xorazm viloyatlarida infratuzilmani, suv bilan ta’minlash va isitish tizimlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rilmoqda.

YeTTB aksiyadorlari davom etayotgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga ijobiy munosabat bildirmoqdalar.

(Manba: UzDaily.uz)

Aleksandar Lukashenko O‘zbekiston elchixonasi uchun yaxshi joy taklif qildi

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarga 25 yil to‘lishi munosabati bilan Minskda O‘zbekiston elchixonasi uchun yangi bino qurishni taklif qildi.

“Biz O‘zbekiston bilan ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Yangi elchixona binosi qurishga qaror qilsangiz, biz yaxshi joy taklif qilishimiz mumkin”, - dedi davlat rahbari O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Nosirjon Yusupovdan ishonch yorlig‘ini qabul qilish marosimida.

Shuningdek, Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston va Belarusni bog‘lab turgan do‘stlik rishtalarining yuqori baholashini va ko‘p yilllik hamkorining Minskda to‘laqonli diplomatik vakolatxona ochish haqidagi qarorini qo‘llab-quvavatlashini ta’kidladi.

“Bu o‘zaro muloqotni chuqurlashtirish uchun o‘z vaqtida amalga oshirilgan muhim qadamdir”, - dedi Belarus rahbari.

Nosirjon Yusupovning aytishicha, elchixona binosi qurilishi yaqin orada boshlanadi. Lekin ungacha ba’zi tashkiliy-texnik ishlar hal qilinishi kerak.

O‘zbekiston elchisining so‘zlariga ko‘ra, Belarus va O‘zbekiston munosabatlari oxirgi vaqtlarda izchil rivojlanmoqda. Ayni damda ikkala tomon ham Belarus rahbarining O‘zbekistonga rejalashtirilayotgan tashrifiga tayyorgarlik ko‘ryapti.

(Manba: Xalq so‘zi” gazetasi veb-sayti)

O‘zbekiston respublikasi oliy majlisi qonunchilik palatasi

Deputatlar aholi hayot darajasini yuksaltirishga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar

2018-yil 26-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatda Harakatlar strategiyasi asosida ijtimoiy hamda iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar izchilligi ta’minlanishi uchun huquqiy asoslar yaratishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Deputatlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan ishlab chiqilgan va joriy yilning 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasining mazmun-mohiyatiga to‘xtaldilar. Mazkur tarixiy hujjatning qabul qilinganligi 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbusning amaliy ijrosi ekanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shu bilan birga, hujjat hamkorlikda umumiy muammolarni hal qilish, mintaqamizning taraqqiyoti va uning ko‘p millionli aholisi farovonligini ta’minlashga qodir yaxlit, birlashgan mintaqa sifatida shakllanishida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilishi deputatlar tomonidan alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur hujjat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi qayd etilib, siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar joylarda uning ahamiyatini targ‘ib qilishga kelishib oldilar.

Shundan so‘ng deputatlar majlis kun tartibiga kiritilgan masalalarni ko‘rib chiqishga kirishdilar. Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan isloh qilish, amaldagi tizimni yanada takomillashtirishga qaratilgan, shuningdek, sohaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasida mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorini amaliyotga samarali tatbiq etish mexanizmlari ko‘zda tutilgan. Jumladan, tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi “yagona darcha” tizimi qayta tashkil etilganligi bois qonunda “Davlat xizmatlari markazlari” maqomi va vakolatlari mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida keng qulayliklar yaratishga, “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyilining hayotiy ifodasini ta’minlashda muhim omil bo‘lishi deputatlar tomonidan alohida qayd etib o‘tildi.

Tadbirkorlik subyektlarining mustaqilligini yanada mustahkamlash va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash maqsadida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ham deputatlarning qizg‘in bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi.

Qonun loyihasi bilan xususiy mulk huquqini, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini, litsenziyalash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, tadbirkorlik subyektlarini homiylik qilishga va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish hamda tadbirkorlik subyektlaridan qonun hujjatlarini buzgan holda hujjatlar talab qilib olish, umuman, qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilanmoqda.

Deputatlar tomonidan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanishiga, iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiyalar jalb etishni faollashtirishga, pirovardida, xalqimiz farovonligini ta’minlashga imkon berishi aytib o‘tildi.

Kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga asosan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi hamda “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qayd etib o‘tilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan mikromoliyalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, shu jumladan, mikromoliyalash xizmatlari bo‘yicha to‘lovlarni asossiz ravishda oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha me’yorlarni joriy qilish nazarda tutilgan.

Deputatlarning mulohazasiga ko‘ra, kiritilayotgan ushbu qoidalar mikromoliyaviy xizmatlar iste’molchilar zimmasiga tushadigan qarz yukini kamaytirib, to‘lov qobiliyatini yaxshilaydi hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda muhim rol o‘ynaydi.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni xayotga tatbiq etishga qaratilgan qonun loyihasini ham qabul qildilar. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va ulardan olingan mahsulotlardan foydalanish tartibini buzganlik, shuningdek, Inspeksiyaning qonuniy talablarini bajarmaganlik va ular faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bundan tashqari, bir qator qonunlarga mazkur Inspeksiyaning vakolatlarini belgilovchi normalar kiritildi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

(Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati)

jamiyat

Oliy komissar va talabalar fikr almashdi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur vebinar Toshkent va Jeneva shaharlari o‘rtasida internet orqali real vaqt rejimida o‘tkazilgan birinchi onlayn uchrashuv bo‘ldi. Unda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining iqtidorli talabalari ishtirok etdi. Tadbirni onlayn tarzda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Qirg‘izistondagi vakili ham kuzatib bordi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov uchrashuvdan maqsad yoshlarni inson huquqlarini himoya qilishning universal va mintaqaviy mexanizmlari, sohadagi dolzarb muammolar va ularning yechimlaridan xabardor qilish ekanini ta’kidladi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi keng nishonlanayotgan joriy yilda mamlakatimizda ushbu xalqaro hujjatda belgilangan tamoyillarni hayotga izchil tatbiq etish, inson huquq va manfaatlarini himoyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, davlat, jamiyat va fuqarolarning deklaratsiyada qayd etilgan qadriyat va tamoyillarga e’tiborini kuchaytirishga alohida urg‘u berilmoqda. Prezidentimizning «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida bu boradagi ishlar takomillashtirilmoqda.

– Tadbirda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining inson huquqlari sohasidagi mintaqaviy faoliyati haqida ma’lumotga ega bo‘ldik, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti magistranti Nilufar Mansurova. – Bu uchrashuv O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi tajribasi xalqaro miqyosda tan olinayotgani namunasidir.

Onlayn uchrashuv yakunida Zayd Raad al-Husayn o‘zbekistonlik talabalarni 30 iyun – Yoshlar kuni bilan tabriklab, kelajakda o‘z sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishiga tilak bildirdi.

Tadbirda talabalarning inson huquqlari sohasidagi tajribasi va bilimlari bilan o‘rtoqlashildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

(Manba: O‘zA)

ta’lim

Vatanparvar, fidoyi diplomatlar safi kengayadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi nutqida diplomat kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etayotgani, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘z kasbiga sadoqatli hamda professional yosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalarni to‘laqonli bajarmayotgani haqida kuyunchaklik bilan to‘xtalgan edi. Bu bejiz emas, albatta.

Binobarin, dunyo siyosatining tartib-taomillari kun sayin o‘zgarib borayotgan bugungi shiddatli zamon O‘zbekiston diplomatlari oldiga nafaqat ma’lum bir masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishish, balki o‘z davlatining ham iqtisodiy, ham geosiyosiy manfaatlarini ilgari surib, undan yurtiga maksimal foyda keltirish kabi o‘ta muhim va murakkab vazifalarni qo‘ymoqda.

Shu kungacha mamlakat tashqi siyosatida faoliyat olib boradigan kadrlar 1992 yilda tashkil etilgan hamda alohida nufuzga ega bo‘lgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tayyorlanar edi. Ochig‘ini aytish kerak, yaqin vaqtgacha bu yerga o‘qishga kirish ham, uni bitirish ham ancha murakkab edi. Ta’lim jarayonlari xalqaro talab hamda standartlarga moslashtirilgan mazkur universitet diplomini qo‘lga kiritish esa har bir yosh uchun yangi istiqbollarni ochardi.

Lekin mamlakatni jadal rivojlantirish jarayonidagi talablar chet davlatlarda O‘zbekiston nomidan gapiradigan va munosib ish olib boradigan diplomatlarning yangi avlodini tarbiyalash vazifasini dolzarb qilib qo‘ydi.

Prezidentimizning “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ustuvor vazifalarni hal etishga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Qaror o‘z mohiyatiga ko‘ra, xalqaro munosabatlar sohasidagi mutaxassislar hamda diplomatik boshqaruv kadrlarini tanlash tizimining samaradorligini tubdan oshirish, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash masalalarini kompleks tarzda yangicha shakl va mazmunda tashkillashtirishga xizmat qiladigan muhim hujjat bo‘ldi.

— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti yillar davomida o‘ziga yarasha tajribaga ega bo‘ldi, malakali hamda bilimli mutaxassislarni tayyorladi, — deydi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Abdujabbor Abduvohidov. — Lekin zamon o‘zgardi, yangi dasturlar, yangi talablar yuzaga keldi. Bularni amalga oshirish hamda dunyo bilan hamohang tarzda mamlakatimiz nufuzini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun ishni tizimli tashkil etsak, biz yanada istiqbolli va kuchli mutaxassislarni tayyorlaymiz.

Mazkur hujjatga muvofiq, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yangi fakultetlar ish boshlab, ularda xalqaro iqtisodiyot hamda menejment, xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar, xalqaro ommaviy hamda xususiy huquq, gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati bo‘yicha yetuk bilimli mutaxassislar tayyorlanadi.

Universitetning asosiy vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishi ham o‘zgarmoqda. Endilikda ushbu ta’lim muassasasi tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyat sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashning yuqori sifatini ta’minlash, o‘quv-reja, dasturlar mazmuni hamda ta’lim jarayonining amaliyotga yo‘naltirilganligini yanada oshirish, doimiy yangilanib turadigan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish amaliy tizimini yaratish, xalqaro munosabatlar rivoji istiqbollarini bashorat qilishga yo‘naltirilgan fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish bilan shug‘ullanadi.

Ta’lim dargohi faoliyatidagi yana bir tarkibiy o‘zgarish shundan iboratki, universitetning Boshqaruv instituti va Diplomatik kurslari bekor qilinib, uning o‘rnida Oliy diplomatiya maktabi tashkil etiladi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori Matyoqub Baqoyevning ta’kidlashicha, mazkur Oliy maktab Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlaydigan har bir xodimning davriy ravishda malakasini oshirib boradi. Shuningdek, bu yerda xalqaro munosabatlar yo‘nalishida boshqa oliy ta’lim muassasalari ilmiy-pedagog kadrlarining malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash bo‘yicha doimiy kurslar ish yuritadi. Shu bilan birga, Oliy maktab to‘lov-kontrakt asosida biznes boshqaruvi dasturi bo‘yicha magistrlar tayyorlashning yillik tayyorlov kursini ham ochadi.

Qarorga binoan, 2018 yil 1 sentyabrdan e’tiboran Oliy maktabda tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatga jalb qilingan vazirlik hamda idoralarning ma’muriy va boshqaruv xodimlari, shuningdek, davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, hokimliklar, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vazifalarni bajarish bilan bog‘liq rahbar lavozimlariga zaxira sifatida jalb etilgan, O‘zbekistonning xorijiy idoralari hamda xalqaro tashkilotlarning ma’muriy-texnik lavozimlariga tayinlangan xodimlar, xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar, xalqaro iqtisodiyot hamda menejment, xalqaro ommabop va xususiy huquq, gid hamrohligi hamda tarjimonlik faoliyati sohasidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari har uch yilda bir marta majburiy malaka oshiradigan bo‘ldilar.

Bundan tashqari, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab universitetga qabul tartiblari ham o‘zgarmoqda. Gap shundaki, avvalo, universitetda bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim muddati yangi o‘quv yilidan e’tiboran to‘rt yil qilib belgilanyapti. O‘qishga qabul qilish chet tili, matematika, tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan test sinovlari topshirish asosida amalga oshiriladi.

— Universitetga qabul jarayoniga dastlabki imtihon mexanizmi joriy etilmoqda, — deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti katta o‘qituvchisi Akram Umarov. — Bunda abituriyentlarning mantiqiy fikrlashi, dunyoqarashi, til bilish ko‘nikmalari, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik darajasiga jiddiy e’tibor qaratiladi. Mazkur tizim ushbu sohani egallamoqchi bo‘lgan abituriyentlar orasidan eng kuchlilarini saralab olish imkonini beradi. Yana bir muhim jihati shundaki, dastlabki imtihondan o‘ta olmagan abituriyentlar boshqa oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Magistratura yo‘nalishiga esa ta’lim muddati — ishlab chiqarishdan ajralgan holda bir yil, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda esa ikki yil qilib belgilanmoqda. Bundan tashqari, universitetda qabul kvotalari ham o‘zgaradi. 2018/2019 o‘quv yili uchun bakalavriatga jami 150 nafar (shu jumladan, davlat granti asosida 30 ta), magistraturaga 50 nafar (shu jumladan, davlat granti bo‘yicha 10 nafar) talaba qabul qilinadigan bo‘ldi.

Qaror bilan mustahkamlangan yana bir yangilik. Endilikda universitet tarkibida Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi hamda Xalqaro-huquqiy tadqiqotlar va qiyosiy ommaviy huquq markazi tashkil etiladi.

Qisqacha aytganda, mazkur hujjat bilan O‘zbekiston diplomatlarini tayyorlaydigan oliy dargohning maqomi ham, yo‘nalish hamda vazifalari ham, kadrlarni o‘qitish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa ona tilimiz, boy tariximiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni mukammal biladigan chinakam vatanparvar diplomatlar safini shakllantirishdan iboratdir. Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda “...diplomatiya, diplomatlik — oddiy kasb emas, balki insondan juda ko‘p fazilatlarni talab etadigan noyob san’atdir. Haqiqiy diplomat bo‘lish uchun faqat bilim va tajriba, chet tillarni bilish yetarli emas, buning uchun avvalo tug‘ma talant kerak. Eng muhimi, diplomat haqiqiy vatanparvar bo‘lishi, o‘z xalqi, o‘z yurtining chinakam fidoyisi bo‘lishi zarur”.

Bosh prokuratura huzuridagi

Axborot-tahlil multimedia markazi materiallari asosida

(Manba: Xalq so‘zi” gazetasi)

ilova

Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda samarali soliqqa tortish tizimi va davlat soliq xizmati organlarining uyg‘unlashgan faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, soliq nazoratining eskirgan uslub va prinsiplariga asoslangan davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tashkil etish mazkur organlar oldiga qo‘yilgan yangi vazifalarni hal qilish, jumladan, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliqlar yig‘iluvchanligining oshirilishini ta’minlash imkonini bermaydi, o‘z yechimini topmagan sezilarli muammolarning mavjudligi ushbu holatni yanada og‘irlashtirmoqda, xususan:

birinchidan, soliq solishning qo‘shimcha manbalarini izlamasdan soliq hisoboti bilan cheklanib qolgan, asosan prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan soliq ma’muriyatchiligining past darajasi;

ikkinchidan, soliq ma’muriyatchiligida korrupsiyaviy muhitni shakllantirayotgan, davlat soliq xizmati organlarining deyarli barcha bo‘g‘inlarida xodimlar korrupsiyalashuviga olib kelayotgan sezilarli shart-sharoitlarning mavjudligi;

uchinchidan, soliq ma’muriyatchiligini to‘liq amalga oshirish, soliq solinadigan qo‘shimcha bazani aniqlash, iqtisodiyotda xufiyona aylanmalar darajasini qisqartirishga imkon bermaydigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanmaslik;

to‘rtinchidan, kameral nazoratni, jumladan, soliq imtiyozlari va preferensiyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan kameral nazoratni amalga oshirish uchun tashqi manbalarni yig‘ishni ta’minlaydigan ta’sirchan dasturiy mahsulotlarning mavjud emasligi;

beshinchidan, soliqlar to‘lashdan bo‘yin tovlashning turli sxemalari yaratilishiga olib kelayotgan, savdo, umumiy ovqatlanish korxonalari, bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha berilgan vakolatlardan samarasiz foydalanilishi;

oltinchidan, maqsadli tekshiruvlar tashkil etish uchun soliqlarni to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlashning aniq mezonlari mavjud emasligi;

yettinchidan, mavjud resurslardan davlat soliq xizmati organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun yetarlicha foydalanilmayotganligi va intizomiy javobgarlikka tortish darajasi haddan tashqari yuqoriligi umuman soliq tizimining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mavjud muammolarni bartaraf qilish, O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini va 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlari hisoblansin:

birinchidan, davlat soliq xizmati organlarini soliq to‘lovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imidjini yaratish orqali xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan idoraga aylantirish, har bir xodim tomonidan “Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani so‘zsiz bajarish;

ikkinchidan, eksterritoriallik prinsipi asosida soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishi, biznesni qonuniy, shaffof va qulay yuritish uchun maqbul shart-sharoitlar yaratish, soliq to‘lovchilarning qoniqish darajasining oshishini ta’minlash;

uchinchidan, soliq ma’muriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini olish choralarini qo‘llash;

to‘rtinchidan, soliq to‘lovlarining o‘z vaqtida va bir xildagi tushumini ta’minlash, ma’muriy tartib-taomillarni maksimal darajada kamaytirish va soddalashtirish, soliq solinadigan bazani kengaytirish va iqtisodiyotda xufiyona aylanmalarni qisqartirish hisobiga byudjetlarning daromad qismini barqaror shakllantirish;

beshinchidan, tekshiruvdan oldingi tahlil va masofaviy nazorat-tahlil ishlarini amalga oshirish uchun ma’lumotlarni to‘liq yig‘ish va qayta ishlashni ta’minlaydigan zamonaviy, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish choralarini yanada kuchaytirish;

oltinchidan, davlat soliq xizmati organlari xodimlariga korporativ etikani singdirish, davlat soliq xizmati organlarining strategik maqsad va vazifalariga erishish uchun o‘z xizmat faoliyati samaradorligini oshirish motivatsiyasi tizimini joriy etish.

2. Belgilansinki, 2019-yil 1-yanvardan davlat soliq xizmati organlari xizmat ko‘rsatish, savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari uchun yagona soliq to‘lovini, yagona yer solig‘ini, yuridik shaxslardan yer solig‘ini, shuningdek, bank aylanmalari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, boshqa tashqi manbalar asosida deklaratsiya qilinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblash tarzida soliq to‘lovchilarga servis xizmatlari ko‘rsatadi hamda hisoblangan soliqlar summasi haqida soliq to‘lovchining “shaxsiy kabineti” orqali xabarnoma yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki va Savdo-sanoat palatasi bir oy muddatda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish yakuniga ko‘ra tashqi ma’lumotlar va soliq to‘lovchilarning deklaratsiyalari asosida davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblanadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ro‘yxatini bosqichma-bosqich kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin.

4. Belgilab qo‘yilsinki, 2018-yil 1-iyuldan:

davlat soliq xizmati organlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida o‘tkazilgan xronometraj natijalariga ko‘ra oxirgi hisobot davri uchun tovar (ish, xizmat)lar realizatsiyasidan kamaytirib ko‘rsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuboradi, kamaytirib ko‘rsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida malakalanadi;

uchinchi shaxslar tomonidan soliq to‘lovchi-jismoniy shaxs uchun to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchining soliq solinadigan daromadi hisoblanmaydi;

davlat soliq xizmati organlari soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun asos bo‘ladigan ko‘zdan kechirish dalolatnomasini tuzish orqali soliq to‘lovchilarning pasportlashtirilishini yuritadi.

5. Davlat soliq xizmati organlari faoliyati samaradorligini baholashning quyidagi asosiy mezonlari belgilansin:

davlat soliq xizmati organlari ishining sifatini qoniqarli baholaydigan soliq to‘lovchilar, shuningdek, ularning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlarning soni;

kameral nazorat natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning umumiy summasi;

xronometraj va ko‘zdan kechirish natijalari bo‘yicha aniqlangan davlat byudjeti daromadlarini oshirish zaxiralari summasi va ularni undirish darajasi;

pasportlari tuzilgan soliq to‘lovchilarning soni;

hisoblangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar undirilishining to‘liqligi va soliq qarzdorligining pasayish darajasi;

davlat soliq xizmati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda “shaxsiy kabinet”dan foydalanish darajasi;

elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish va onlayn nazorat-kassa mashinalarini avtomatlashtirilgan monitoring qilish bo‘yicha dasturiy mahsulotlarni qo‘llayotgan soliq to‘lovchilarning qamrab olinishi.

6. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Maxsus jamg‘arma deb yuritiladi) hisobidan quyidagi summalarning 10 foiziga qadar miqdorda mukofotlanishi belgilansin:

kameral nazorat natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar;

bir oy mobaynida xronometraj va pasportlashtirish natijasi bo‘yicha aniqlangan, soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq;

soliq tekshiruvlari natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda

yakuniy natijalarga erishishdan kelib chiqib davlat soliq xizmati organlari faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini va ularni moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlarini tasdiqlasin.

Maxsus jamg‘armaga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimalar summasidan ajratmalar miqdori 25 foizdan 40 foizga oshirilsin, bunda qo‘shimcha tushadigan mablag‘lar xodimlarni shaxsiy mukofotlashga maqsadli yo‘naltirilsin.

7. Davlat soliq xizmati organlariga quyidagi huquqlar berilsin:

soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmagan, shuningdek, soliq to‘lovchi tomonidan soliq yoki moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari yuzasidan tafovutlarning asoslari yoxud aniqlashtirilgan soliq hisoboti belgilangan muddatda taqdim etilmagan hollarda soliq to‘lovchi-yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish;

davlat ulushlari bo‘yicha dividendlarni va davlat unitar korxonalarining sof foydasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga ajratmalarni undirish;

soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etiladigan axborotning ishonchliligini hamda soliq to‘lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun kameral nazorat natijasi bo‘yicha joyiga chiqqan holda mavzuga oid va ekspress-o‘rganishlarni amalga oshirish;

yuzaga kelgan soliq qarzdorligini soliq to‘lovchi-jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi bank hisobvaraqlaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan summada so‘zsiz hisobdan chiqarish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining “Respublika axborot-maslahat markazi” va “Soliq deklaratsiyalarini qayta ishlash markazi” davlat unitar korxonalari negizida “Soliq-servis” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda – “Soliq-servis” DUK) uning hududiy markazlarini tuzgan holda tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Quyidagilar “Soliq-servis” DUKning asosiy vazifalari etib belgilansin:

soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda texnik jihatdan ko‘maklashish, shuningdek, hisobotlar va deklaratsiyalarni qabul qilish bo‘yicha soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish yuzasidan davlat soliq xizmati organlariga amaliy yordam berish;

davlat soliq xizmati organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimini texnik, dasturiy va axborot ta’minotini boshqarish;

davlat soliq xizmati organlari faoliyati natijasida yuzaga keladigan hujjatlarni qog‘oz va elektron shaklda markazlashgan holda arxivda saqlash;

“call-markaz” maxsus servisi orqali aholiga axborot xizmatlarini ko‘rsatish;

soliq to‘lovchilarni elektron hisobvaraq-fakturalarni yuritish qoidalari bo‘yicha o‘qitish, ularga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarini yetkazish;

axborotni himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish;

davlat soliq xizmati organlari xodimlarining bilim va malakasini oshirish.

Davlat soliq qo‘mitasi:

davlat soliq xizmati hududiy organlarining yuqorida ko‘rsatilgan funksiyalarni bajaradigan boshqaruv xodimlari shtat birliklarini qisqartirish;

Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi ishini tubdan takomillashtirish, jumladan, soliq to‘lovchilar uchun yangi dasturiy mahsulotlar va servislarni ishlab chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishni nazarda tutsin.

9. “Soliq-servis” DUKning xizmatlari byudjet mablag‘lari va Maxsus jamg‘arma mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanishi belgilansin.

“Soliq-servis” DUK tomonidan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tashkil qilinsin, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashda nizoli masalalar yuzasidan xulosalar chiqarish;

soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishini aniqlashda soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni ko‘rib chiqish;

soliq nizolarini ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashining tarkibi va nizomini tasdiqlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tuzilmasida:

yirik soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, jumladan, soliq hisobotlarini qabul qilish, kameral nazorat o‘tkazish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish majburiyati yuklatilgan Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi;

davlat soliq xizmati organlari faoliyatining samaradorligini baholash va ularning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan Tahlil boshqarmasi tashkil etilsin.

12. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari faoliyatida korrupsiyaviy jihatlarga barham berish maqsadida Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tugatilsin.

13. Soliq akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi faoliyatini tashkil qilish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qitishning zamonaviy uslublarini, jumladan, malaka oshirishning masofaviy shakllarini joriy etish, shuningdek, hududiy filiallarini tuzishni nazarda tutgan holda hukumat qarorini qabul qilsin;

qayta tashkil etilayotgan Soliq akademiyasining bakalavriat va magistratura talabalarining o‘qishini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutiga ko‘chirish choralarini ko‘rsin.

14. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

15. Davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 11 903 nafar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 257 nafar etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bilan kelishilgan holda quyidagi huquqlar berilsin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartishlar kiritish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, tuman (shahar)lar davlat soliq inspeksiyalari, shuningdek, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasining tuzilmasini tasdiqlash;

davlat soliq xizmatining hududiy organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini, jumladan, “Soliq-servis” DUK tashkil etilishi munosabati bilan boshqaruv xodimlarining shtat birliklari qisqartirilishini hisobga olgan holda tasdiqlash;

Maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlari mutaxassislarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish.

16. Quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga tushumlar prognozining bajarilishi;

soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘liq va o‘z vaqtida tushishini ta’minlash ustidan lozim darajada nazorat o‘rnatilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi;

davlat soliq xizmati organlariga yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega malakali xodimlarni jalb etishga qaratilgan, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va rag‘batlantirishning mutlaqo yangi tizimi yaratilishi;

xodimlarning xizmatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish, qonun buzilishining barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhiti yaratilishi, jamoada sog‘lom muhit shakllantirilishi;

davlat soliq xizmati organlari faoliyatining ochiqligi ta’minlanishi, soliq to‘lovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasiz muloqot o‘rnatilishi;

soliq ma’muriyatchiligining zamonaviy uslublarini joriy etish sohasida xalqaro ekspertlar, grantlarni jalb etish ishlari;

davlat soliq xizmati organlarining moddiy-texnika jihatdan ta’minlanishi uchun;

b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosarining:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘liq va o‘z vaqtida tushishining ta’minlanishi;

soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublari joriy etilishi, soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlari tahlil qilinishi, ularga barham berish choralari ko‘rilishi;

soliq solish bazasini kengaytirish bo‘yicha, jumladan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali kompleks chora-tadbirlar ko‘rilishi;

nazorat amalga oshirilishi va soliq qarzdorligi oshishiga yo‘l qo‘ymasligi, xalqaro tajribani chuqur o‘rganish orqali soliq tizimi modernizatsiya qilinishi uchun;

v) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlarining:

soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirishga ko‘maklashuvchi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qo‘llash metodologiyasi takomillashtirilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlari darajasini oshirish uchun zaxiralarni izlash va aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilishi;

soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarganligi uchun tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish choralari ko‘rilishi;

soliq solish qismida iqtisodiyotning xufiyona sektorini legallashtirishga qaratilgan tizimli nazorat ta’minlanishi;

sifatsiz, qalbaki (yasama) va noqonuniy olib kirilgan tovarlar ishlab chiqarilishi, shuningdek, realizatsiya qilinishiga qarshi kurashishning holati va samaradorligi;

soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tahlilning ilg‘or avtomatlashtirilgan uslublari, elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish va onlayn nazorat-kassa mashinalarining avtomatlashtirilgan monitoringi bo‘yicha dasturiy mahsulotlar joriy etilishi hamda samarali faoliyat ko‘rsatishi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari puxta, har tomonlama, to‘liq va obyektiv ko‘rib chiqilishi, fuqarolar shaxsan qabul qilinishi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi va soliq kollejlari faoliyati samarali tashkil etilishi uchun shaxsiy javobgarligi belgilab qo‘yilsin.

17. Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilansin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

bir oy muddatda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslar, yashirilgan soliq solish obyektlari, shuningdek, noqonuniy olib kirilgan tovarlar yetkazilishi, saqlanishi va realizatsiya qilinishi, yashirin sexlarni aniqlash yuzasidan tizimli qo‘shma reydlarni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilsin;

ikki oy muddatda davlat soliq xizmati organlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni, jumladan, offshor zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar bilan operatsiyalarni amalga oshiradigan soliq to‘lovchilarni monitoring qilishni nazarda tutgan holda tasdiqlasin;

uch oy muddatda soliq sohasida fuqarolar tomonidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi uchun ijtimoiy tarmoqlar va dasturiy mahsulotlarning salohiyatidan foydalanish mumkin bo‘lgan, jumladan, ularga tadbirkorlik subyektlarining soliqqa oid huquqbuzarliklari to‘g‘risida xabar qilish imkonini beruvchi veb-portal ochish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

bir oy muddatda qo‘shilgan qiymat solig‘ini elektron boshqarish tizimini, jumladan, soliqlar yig‘iluvchanligini oshirish va insofsiz soliq to‘lovchilarni aniqlash maqsadida barcha aylanmalar zanjirini tahlil va nazorat qilish uchun davlat soliq xizmati organlarida elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish bo‘yicha dasturiy kompleksni joriy etish yuzasidan takliflar kiritsin.

19. 2018-yil 1-avgustdan mahalliy budjetlarning daromad bazasini kengaytirish zaxiralarini aniqlash faoliyatini moddiy rag‘batlantirishni oshirish va korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq davlat soliq xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,7 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llanilishi belgilansin.

Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

20. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda soliq imtiyozlarini qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish, samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini byudjetga majburiy qaytarish mexanizmlarini mustahkamlashni nazarda tutadigan soliq imtiyozlarini maqsadli berish tartibini tasdiqlasin;

Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga mazkur qarorga muvofiq tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga Ma’lumotlarni qayta ishlash markazini kengaytirish, zamonaviy elektron ma’muriyatchilik tizimini, jumladan, elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish va onlayn nazorat-kassa mashinalarini avtomatlashtirilgan monitoring qilish tizimi dasturiy mahsulotlarini joriy etish, shuningdek, davlat soliq xizmati organlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 2018-yilda zarur mablag‘larni ajratsin, 2019-yildan boshlab esa har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi quyidagilar bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rsin:

yuqori professional malaka va ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan professional kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish;

mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida vijdonan xizmat qilayotgan xodimlarni ularning shaxsiy hissasidan kelib chiqqan holda rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish;

davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan korrupsiya ko‘rinishlari va mansab suiiste’molchiliklari sodir etilishining barcha xavflarini bartaraf qilish;

aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida keng tushuntirish, profilaktika ishlarini olib borish;

davlat soliq inspeksiyalarining ish yuklamasi va soliqlarni yig‘ish faoliyatining iqtisodiy samaradorligidan kelib chiqib ularning sonini optimallashtirish.

22. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga davlat soliq xizmati organlarining ma’lumotlar bazasini boshqa davlat organlari ma’lumotlar bazalari bilan taqqoslash, joylarda soliq tekshiruvlari dalolatnomalarini o‘rganish orqali soliq to‘lovchilarning va soliq solish obyektlarining to‘liq qamrab olinishiga alohida e’tibor qaratgan holda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini monitoring qilish vazifasi yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi ikki hafta muddatda mavjud ma’lumotlar bazasiga Moliya vazirligining ulanishini ta’minlasin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risidagi;

O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlarida xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlasin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarning Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;

o‘zlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3168-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

26. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari B.A.Musayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti   SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 

2018-yil 26-iyun

(Manba: O‘zA)

  

Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart

Comments