VATANNI SHARAFLAR BUYUK YURT FARZANDLARI

posted 31 May 2016, 08:11 by Webmaster Ambasciata

Andijonda Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. 

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash yo‘lida yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar ularning ijodiy-intellektual salohiyatini yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

– Navqiron avlodni jismonan sog‘lom va yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalash, ularda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, shuningdek, yoshlarning turli diniy ekstremistik g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ta’siriga tushib qolishining oldini olishda bunday tadbirlarning ahamiyati katta, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Andijon viloyati kengashi raisi Elyorbek Abduqodirov. – Asosiy maqsadimiz yosh avlod zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, yurt ravnaqi uchun fidoyi insonlar bo‘lib kamolga yetishiga ko‘maklashishdir. 

Viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi markaziy stadionlar, madaniyat va istirohat bog‘lari, kasb-hunar kollejlari, akademik litsey, bolalar musiqa va san’at maktablarida hamda oliy o‘quv yurtlarida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalaridan iborat targ‘ibоt guruhi a’zolari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etildi. Taniqli san’atkorlar va “Kamolot”chilar o‘rtasidagi futbol-shoulari, konsert dasturlari, spektakl va kinofilmlar namoyishi yoshlarda katta taassurot qoldirdi. 

Festivalning “Vatan taraqqiyotiga mening hissam”, “Kamolot” kutubxonasi”, “Siz sevgan qahramonlar”, “Iqtidor egasi – obod yurt ertasi”, “Deputat va yoshlar”, “Internet va yoshlar”, “Hokim va yoshlar”, “Odam savdosi – davr muammosi”, “Kichik filmdan katta ekranga”, “Yoshlar jonli ijro tarafdori” singari loyihalari doirasida o‘tkazilgan seminar-trening, intellektual o‘yinlar, uchrashuv va muloqotlar yoshlarning bilim va ma’naviyatini yuksaltirish, ularning faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” loyihasi bo‘yicha Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarda o‘tkazilgan tadbirlar ushbu muassasalarda ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlarga manzur bo‘ldi. 

“Biz – terrorizm va diniy ekstremizmga qarshimiz”, “Ommaviy madaniyat” va yoshlar ma’naviyati” loyihalari doirasida ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan tadbirlar, “Baron”, “Ajal jodusi” filmlarining namoyish etilishi orqali yoshlar giyohvandlik, odam savdosi va diniy ekstremizmning ayanchli oqibatlari haqida keng tushunchaga ega bo‘ldi. 

– Festival tadbirlarida yot g‘oyalar va “ommaviy madaniyat” ta’siridan ogoh bo‘lish haqidagi tushunchalarimiz yanada boyidi, – deydi Marhamat qurilish-industriya kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Alisher Yusupov. – Tengdoshlarimizni ham ana shunday illatlardan ogoh etib, yurtimizga munosib farzand bo‘lishga astoydil harakat qilamiz. 

“Zamonamiz qahramonlari”, “Deputat va yoshlar” loyihalarida O‘zbekiston Qahramonlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, mehnat faxriylari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, ilm-fan, san’at va sport sohalarida xalqaro miqyosda ulkan yutuqlarni qo‘lgan kiritgan yoshlar bilan uchrashuvlar, yoshlar tomonidan tayyorlangan qo‘l buyumlari, liboslar, milliy hunarmandlik mahsulotlari, musavvirlik asarlari ko‘rgazmalari namoyish etildi. 

“Nuroniylar e’zozimizda” loyihasi doirasida faol yoshlar guruhlari tomonidan urush va mehnat fronti faxriylari holidan xabar olinib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi. 

– Ko‘zida o‘t chaqnab turgan yoshlar yo‘qlab kelganidan boshim ko‘kka yetdi, – deydi Paxtaobod tumanidagi Boyto‘pi mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Isroil ota Ismoilov. – Ularga o‘tmishdagi qiyinchiliklar haqida so‘zlab berar ekanman, bugungi tinch va osoyishta hayotimizga shukrona keltirish, farovonlikning qadriga yetish, asrab-avaylash zarurligini uqtirdim. Ozod va obod yurtimizga, tinchligimizga ko‘z tegmasin. 

“Yurtimni obod etaman” aksiyasi doirasida faol yoshlar tomonidan viloyatning turli hududlarida “Kamolot” bog‘lari, gulzorlar barpo etilgani yoshlarning yurtimiz obodonchiligi yo‘lidagi faolliklarining yorqin namunasi bo‘ldi. 

Tadbir Andijon shahridagi “Sog‘lom avlod” stadionida “Mustaqillik farzandlari” deb nomlangan gala-konsert bilan yakunlandi. 

– Bugungi yoshlarga havasim keladi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov. – Ular o‘z iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mana shunday fidoyi, faol va shijoatli yoshlari bor mamlakatimizning kelajagi buyuk bo‘ladi, albatta. Bu festival Andijon yoshlariga manzur bo‘lgani, ularning qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy g‘urur va iftixor, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi. 

Comments