BUYUK YURTNING FARZANDLARI QUDRATLI BO‘LADI

posted 31 May 2016, 08:10 by Webmaster Ambasciata

Termizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlab “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan festivalda taniqli shoir va yozuvchilar, san’at namoyandalari, olimlar, yoshlar ishtirok etdi. 

Prezidentimiz rahnamoligida jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk avlodni voyaga yetkazish, yoshlarning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Mazkur qaror ijrosi doirasida tadbirkorlik, fermerlik va hunarmandlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Yosh oilalar uchun “Kamolot” uylari bunyod etilib, ularning munosib turmush kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotir. O‘tgan yili Termiz shahri, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida bittadan 64 oilaga mo‘ljallangan ko‘p qavatli “Kamolot” uylari barpo etildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ta’lim, tibbiyot muassasalari, bolalar sporti inshootlari, musiqa maktablari barpo etish va zamonaviy jihozlash ham doimiy e’tiborda. Joriy yilda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga moliya muassasalari tomonidan 15 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. 

Festival tadbirlari davom etayotgan kunlarda viloyatda yana bir xushxabar tarqaldi: Birlashgan Arab Amirliklarida sportning yengil atletika turi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda Termiz olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Ma’rufjon Murodullayev 400, 800 va 1500 metr masofaga yugurish musobaqalarida bir yo‘la uchta oltin medalga sazovor bo‘ldi. Sirojiddin Norov 800 metr masofaga yugurish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi. 

Sariosiyo tumanida tug‘ilib o‘sgan Ma’rufjon bolaligidan yengil atletika bilan muntazam shug‘ullanadi. 2014-yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan II Paraosiyo o‘yinlarida 800-1500 metr masofaga yugurish bo‘yicha ikkita oltin medalga sazovor bo‘lib, 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XV Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 

Festival yoshlarni mustaqillik yillarida erishilgan olamshumul yutuqlar, turmushimizda ro‘y bergan tub o‘zgarish va yangilanishlar bilan yaqindan tanishtirish, navqiron avlod qalbida islohotlarga daxldorlik, bugungi hayotimizga shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash kabi ezgu g‘oyalarga yo‘naltirilgan. 

Tadbir doirasida chekka tuman va qishloqlarda o‘tkazilgan “Bu – mening Vatanim!”, “Hokim va yoshlar”, “O‘zbekistonga xizmat qilaman”, “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!”, “Zamonamiz qahramonlari” mavzularidagi uchrashuvlar, davra suhbatlari yoshlarda katta taassurot qoldirdi. “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!”, “Nuroniylar e’zozimizda” loyihalari xalqimizning bag‘rikenglik, saxovatpeshalik kabi olijanob fazilatlarini keng namoyish etdi. Ushbu tadbirlarda urush va mehnat fronti faxriylari, yolg‘iz qariyalar va nogironlar holidan xabar olinib, ularga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatildi. Maxsus maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari uchun qiziqarli tadbirlar uyushtirildi. “Yurtimni obod etaman” aksiyasi doirasida yangi bog‘-rog‘lar, gulzorlar barpo etildi. Yosh ijodkorlar mushoiralari, taniqli sport ustalari ishtirokidagi master-klasslar, yangi filmlar premyeralari va virtual aksiyalar, gala-konsertlar festivalga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi. 

– Tadbirlarda “ommaviy madaniyat”ning yosh avlod ongiga ta’siri, odam savdosining ayanchli oqibatlari, bugungi globallashuv davrida axborot xurujlaridan himoyalanish haqidagi bilimlarimiz yanada boyidi, – deydi Termiz tumanidagi Yangiariq qishloq-xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘quvchisi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Lutfiya Barotova. – Kollejimizda “Kamolot” kutubxonasi” loyihasi doirasida tashkil etilgan viktorina ham juda manzur bo‘ldi. Taniqli ijodkorlar, yosh olimlar bilan uchrashib, dildan suhbat qurdik. Biz tinch-osuda va farovon Vatanimizni yanada obod etishga hissa qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz. 

“Yoshlar bilan ishlashda eng faol tuman (shahar) hokimi”, “Tadbirlarni sifatli tashkil etgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman (shahar) kengashi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi. 

Festival Termiz shahridagi “Surxon” sport majmuasida taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokidagi gala-konsert bilan yakunlandi. 

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Mamaraimov so‘zga chiqdi.

Comments