BIZ – BUYUK YURT FARZANDLARIMIZ

Отправлено 31 мая 2016 г., 8:10 пользователем Webmaster Ambasciata

Qashqadaryoda ana shu shior ostida Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlab yoshlar festivali o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan festivalda taniqli shoir va yozuvchilar, san’at namoyandalari, olimlar, yoshlar ishtirok etdi. 

Prezidentimiz rahnamoligida jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, intellektual salohiyatli avlodni kamolga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

Festival yosh avlodni yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, hayotimizda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarish va yangilanishlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish orqali yoshlarni “ommaviy madaniyat” va boshqa illatlar ta’siridan asrash, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. 

– Joriy yilgi festivalda avvalgilaridan farqli o‘laroq, yoshlarning taklif va istaklari asosida bir qator yangi loyihalar amalga oshirildi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qashqadaryo viloyati kengashi raisi Furqat Normatov. – “Bu mening Vatanim!” shiori ostida Prezidentimiz kitoblarining mazmun-mohiyatini o‘rganishga qaratilgan taqdimot, “Marra bizniki!” loyihasi asosida o‘tkazilgan mustaqillik marafoni, “Kichik filmdan katta kinoga”, “Talabalar teatr studiyalari”, “Vatanim – mening faxrim!”, “Yoshlar – jonli ijro tarafdori” kabi tadbirlar shular jumlasidandir. 

Festival doirasida “Siz sevgan qahramonlar”, “Zamonamiz qahramonlari” mavzusida taniqli adiblar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari bilan uchrashuvlar, “Deputat va yoshlar” mavzusida davra suhbatlari o‘tkazildi. Yoshlarda “ommaviy madaniyat” g‘oyalariga qarshi immunitetni mustahkamlashga qaratilgan “ommaviy madaniyat” va yoshlar ma’naviyati” loyihasi, urush qatnashchilari, mehnat faxriylari va yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularning uy yumushlariga ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqilgan “Nuroniylar e’zozimizda” loyihasi, “Vijdonli sotuvchi” aksiyalari barchaga manzur bo‘ldi. 

Tadbirlar doirasida “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan suratga olingan “Baron” badiiy filmi namoyish etildi. 

Kasbi tumanida tadbirlar “Hokim va yoshlar” loyihasi bilan boshlandi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlar kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, bu jarayonda ularning ishtiroki, O‘zbekistonda huquqiy-demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z yuritildi. 

Azizjon Kamolov oilasi Navro‘z bayrami arafasida tuman markazida qad rostlagan “Kamolot” uylaridan biriga ko‘chib o‘tdi. 

– Prezidentimiz rahnamoligida tashabbuskor va intiluvchan yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi u. – Uyimizda barcha sharoit mavjud. Mana shunday keng va yorug‘, zamonaviy uyga ko‘chib o‘tganimizdan baxtiyormiz. 
Viloyatda yosh oilalarning munosib turmush kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida o‘tgan yili Kasbi, Shahrisabz, Muborak tumanlarida 32, Qarshi shahrida 64 oilaga mo‘ljallangan ko‘p qavatli “Kamolot” uylari bunyod etildi. Ayni paytda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. 

Festival Qarshi shahridagi “Nasaf” stadionida o‘tkazilgan “Mustaqillik farzandlari” nomli gala-konsert bilan yakunlandi. 

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqdi. 

Comments